Savdo urushi tufayli Xitoyni kompaniyalar tark etmoqda

10:52 05 Sentyabr 2019 Dunyo
139 0

AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushi har ikki mamlakatdagi biznes ahlini sarosimaga solmoqda. Boshqa davlatlar esa bundan unumli foydalanish harakatida, deb yozadi “Amerika ovozi“.

Pedego kompaniyasi bosh ofisida ish qizgʻin. Kompaniya elektrda yuradigan velosipedlarni ishlab chiqaradi. Ehtiyot qismlarning 80 foizi Xitoydan kelardi. Hozir unday emas.

“Hozir 70 foizi Vyetnamdan, 30 foizi Tayvandan kelyapti”, - deydi kompaniya rahbari Don Dikostanzo.

Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr velosipedlarga Yevropa Ittifoqi ham tariflarni oshirayotgan bir paytda Vyetnamdagi zavodlarimizni kengaytirmoqchimiz, deydi Dikostanzo. Oʻtgan yili AQSH Xitoy mahsulotlariga qoʻshimcha boj qoʻyganda, u bunga tayyor edi.

“Shu bois ishlab chiqarishni tezda koʻpaytira oldik. Sentyabrda tariflar oshishi bilan velosipedlarni Vyetnamda ishlab chiqarishni boshladik. 2019-yil 1-yanvargacha Xitoyda umuman zavodimiz qolmadi; ishlab chiqarish va taʼminotchilarni toʻliq Vyetnamga koʻchirdik”, - deydi u.

Savdo urushi tufayli Xitoydan ketayotgan kompaniyalar soni oz emas.

“Eng koʻp foyda koʻrayotgan davlatlar - Vetnam va Meksika. Imkoniyati kengligi va geografik joylashuvi boʻyicha ular yutyapti. Hamma ularga havas qilyapti”, - deydi Milken instituti tadqiqotchisi Kevin Klouden.

2019-yilning birinchi yarmida Meksikadan import qilingan tovarlar oʻtgan yilga qaraganda 6 foizga koʻpaygan. Vyetnamdan kelgan import hajmi esa 33 foizga oshgan.

“Vyetnam hukumati koʻchayotgan zavodlar uchun sharoit yaratib berish boʻyicha ajoyib ishlar qildi. Ular oʻzlarini Xitoyga toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatchi sifatida koʻrsatmoqda, ayniqsa, narx masalasida”, - deydi Klouden.

“Yaxshi tajriba boʻldi. Vyetnamdan yanada sifatli mahsulotlar olyapmiz”, - deydi Dikostanzo.

“Janubi-sharqiy Osiyoda Malayziya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar ham foyda koʻryapti. Bangladesh va Hindiston ham arzon ishlab chiqarishni taklif qilish salohiyatiga ega”, - deydi ekspert Klouden.

Lekin global iqtisodiyotda ishlab chiqarish tez-tez oʻzgarib turadigan biznes.

“Ishlab chiqarish muddati mahsulot umri bilan bogʻliq. Kimdir tovarning yangi avlodini yaratsa, ishlab chiqarish oʻsha yerga koʻchadi”, - deydi tahlilchi.

Buning uchun ishlab chiqarish arzon; iqtisodiy va siyosiy muhit esa barqaror boʻlishi kerak.

“Koʻplab kompaniyalar bozorga yaqinligi va barqarorlik tufayli ishlab chiqarishni AQSHga koʻchirish niyatida. Bugun AQSHdagi zavodlarda 20-30 yil oldingiga qaraganda kamroq odam ishlaydi”, - deydi Klouden.

Kelajak zavodlari shunday boʻladi. Avtomat va robotlar AQSH ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligini oshirishi mumkin.

“Bu robotlarga koʻp ishlagani uchun ortiqcha toʻlamaysiz, ular dam olmaydi, 24 soat muntazam ishlaydi. Robotlashtirish va ularning samaradorligi narxlarni tushirishi mumkin”, - deydi tadbirkor Dikostanzo.

Dikostanzo velosiped qismlarini 10 yilga tariflardan ozod qilish talabini olgʻa surayotgan koalitsiya aʼzosi. Agar bu taklif maʼqullansa, velosiped ishlab chiqaruvchi zavodlar AQSHga qaytishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?