Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 200 ming nafardan oshdi

21:17 04 Iyul 2020 Dunyo
185 0

Saudiya Arabistoni koronavirus bilan kasallanganlar soni boʻyicha arab davlatlari orasida rekordni yangiladi. 3-iyul kuni bu koʻrsatkich 200 ming kishidan oshib ketdi, deb xabar bermoqda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi “Twitter”dagi sahifasida.

“Soʻnggi sutkada 4 mingdan ortiq kasallanish holatlari aniqlanganidan soʻng Saudiya Arabistonida COVID-19 tarqalishi boshlanganidan beri kasallanganlarning umumiy soni 201,801 mingni tashkil etmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Yangi aniqlangan bemorlarning 431 nafari Dammamda, 399 nafari Hufofda, 383 nafari poytaxt Riyodda va yana 306 nafari Toifda qayd etilgan.

Shuningdek, Saudiyada oʻtgan sutkada 50 kishi virus sabab dunyodan oʻtdi. Bu bilan qurbonlar soni 1802 kishiga yetdi. 140 614 kishi virusdan sogʻaygan boʻlib, 59 385 kishi shifoxonalarda davolanmoqda.

Hozirda Saudiya Arabistoni virus tarqalishi boʻyicha dunyoda oʻn toʻrtinchi oʻrinda turibdi.

Koronavirusga chalinganlar soni doimiy ravishda ortib borayotganiga qaramay, Saudiya Arabistoni ichki aviaqatnovlar va viloyatlararo harakatlanishga ruxsat berib, may oyining oxirida asta-sekin cheklov choralarini yumshata boshladi.

Mamlakat masjidlari yana ishlay boshladi. Biroq Saudiya Arabistoni xorijlik ziyoratchilar uchun 2020-yilgi Haj ziyoratini bekor qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?