Saudiya Arabistoni kompaniyasi Buxoroda muqobil energiya ishlab chiqarish texnologiyasini qoʻllash maqsadida maxsus loyiha ishlab chiqdi

10:59 29 Oktyabr 2019 Iqtisodiyot
182 0

Gap Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan “Enhancing Your Living “ kompaniyasi haqida bormoqda. Quyosh panellari vositasida elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bu kompaniya Buxoroda shu texnologiyani qoʻllash niyatida maxsus loyiha tayyorladi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, 28-oktyabr kuni shu kompaniyaning Yusuf Isʼhoq Buxoriy boshchiligidagi delegatsiyasi aʼzolari Buxoroda boʻlishgan. Ular viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev bilan uchrashuv chogʻida“Enhancing Your Living “ kompaniyasi faoliyati xususida soʻzlab berishgan va muqobil energiya manbasi yaratishga doir oʻz takliflarini bayon etishgan. Taʼkidlanishicha, zamonaviy texnologiyani qoʻllash borasida ular yetarli tajribaga ega.Chunonchi, Kuvayt hamda Qatar davlatlarida aholi va oʻquv muassasalari uchun muqobil energiya hosil qiluvchi elektr stansiyalari barpo qilishgan.

Muloqot jarayonida viloyat mutasaddilari tomonidan xorijiy investorlarga ushbu loyihani kichik sanoat zonasi yoki oʻzaro kelishuvga muvofiq boshqa bir manzilda sinovdan oʻtkazish taklifi bildirildi.Bu oʻrinda elektr energiyasiga talab nisbatan katta boʻlgan hudud nazarda tutildi, albatta. Yakunda loyihani har tomonlama oʻrganish va amalda sinovdan oʻtkazish yumushlarini “Buxoro elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Darvoqe, 2019-yil viloyatda muqobil energiya manbalarini yaratish ishlariga kirishilgan yil sifatida tarixda qoladi. Gap shundaki, Xitoy Xalq Respublikasining “Liaoning lider “ korporatsiyasi bilan tuzilgan memorandumga muvofiq, yaqinda yurtimizda birinchi shamol elektrostansiyasini qurish yumushlariga tamal toshi qoʻyilgandi.Loyiha Gʻijduvon tumanining “Qutchi” massivida amalga oshirilmoqda.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?