Sarimsoq piyoz haqiqatdan ham koronavirusning kushandasimi?

12:21 16 Mart 2020 Jamiyat
3389 0

Kechai nternet tarmoqlarida “Koronovirusning davosi topildi. Bu sarimsoqpiyoz” degan xabar tarqaldi. Bu axborot oʻz natijasini bermay qolmadi. Odamlarning ushbu sabzavotga boʻlgan talabi keskin oshganligi kuzatildi va bu davom etmoqda. Oʻz-oʻzidan narxi ham koʻtarildi.

Savol tugʻiladi: agar oʻsha “chesnok” koronavirusning davosi boʻlsa, nega Xitoyda unga eʼtibor berilmayapti va boshqa mamlakatlarda ham ? Eng asosiysi, mutaxassislar tomonidan tavsiya qilinayotgan profilaktika roʻyxatlarida nega unda sarimsoqpiyoz koʻrsatilmayapti?Toʻgʻri, mazkur neʼmat oʻzi achchiq boʻlsa-da, xushxoʻr va muhimi, ming dardga davoligi ham ilmiy, ham amaliy isbotini topgan. Ammo aynan koronavirusga qarshi yuz foiz davo manbasi ekanligi boʻyicha hech bir rasmiy tibbiy xulosa berilgani yoʻq.

Va fikr tugʻiladi: bunday asossiz shifo “kashfiyoti”ining tagida biznes maqsadi yashirinmaganmikan? Bugun-erta yana biron mevami sabzavot, deylik, olmami, sholgʻommi koronavirusning yuz foiz davo vositasi ekan degan mish-mish chiqib qolmasmikan?

Aziz yurtdoshlar,jarayondan foydalanib qolib, moʻmay daromad qilish maqsadida tarqatilayotgan bunday xabarlarni oʻqib, chalgʻimang! Faqat malakali tibbiyot xodimlari tomonidan berilayotgan rasmiy tavsiyalarga ishoning va unga amal qiling!

Ahmadali ShERNAZAROV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?