Saraton rivojlanishi xavfini kamaytiruvchi parhez turi maʼlum qilindi

17:51 08 Noyabr 2019 Lifestyle
321 0

Ketoparhez va tarkibida oz miqdorda uglevodlar boʻlgan taomlar ortiqcha vazndan qutulishga va saratonning koʻplab turlari rivojlanishi ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Bu haqda olimlar Cell Reports jurnalida maʼlum qilishdi.

“Endi biz saraton hujayralarini nafaqat oʻldiramiz, balki tanadagi glyukoza miqdorini kamaytirib ularning oʻsishini ham sekinlashtira olamiz. Bu kashfiyot oʻsmalarga qarshi kurashishga qarashimizni oʻzgartirishga majbur qilishiga ishonaman“, — deb maʼlum qildi Texas universiteti olimi Jey Kim.

Ketoparhez fitnes va sport ishqibozlari orasida keng ommalashmoqda. Uning boshqa parhezlardan farqi shundaki, undagi kaloriyalarning asosiy qismini uglevodlar emas, yogʻ va oqsillar tashkil etadi. Bunday almashish miya va tananing boshqa aʼzolarini asosiy quvvat manbai sifatida glyukozadan emas, yogʻ kislotalari va ketonlardan foydalanishga majbur qiladi.

Bu mushaklar va miya hujayralarini “quvvat tejash“ning alohida rejimiga oʻtkazadi, natijada mushaklar yanada chidamli boʻladi, miya esa sekinroq qariydi. Shu bois bugungi kunda ketonli parhez velosipedchilar, marafonchilar va chidamlilik muhim hisoblanuvchi boshqa sport turlari vakillari orasida ommalashgan.

Oʻsma hujayralarining koʻplab turlari oʻsish signali va asosiy ozuqa manbai sifatida glyukozadan foydalanadi. Kim va uning hamkasblari ketoparhez tanadagi qandni kamaytirib, oʻsmalar oʻsishini sekinlashtirishini tekshirib koʻrishdi.

Olimlar kemiruvchilar tanasiga saraton virusini kiritishdi hamda oʻsmalar paydo boʻlganidan soʻng ketoparhez va glyukoza molekulalarini yoʻqotuvchi preparatlar yordamida ularning oʻsishini sekinlashtirishga urinishdi.

“Ketoparhez ham, qondagi qand miqdorining kamaytirilishi ham sichqon terisi va oʻpkasidagi saraton hujayralari oʻsishini toʻxtatdi. Bu oʻsmani yoʻqotmadi, ammo uning oʻsishiga xalaqit berdi. Bu esa saratonning aksariyat turlari glyukoza ochligiga chidamsiz ekanligini koʻrsatadi“, — deb yozdi Kim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?