Samolyot chagʻalaylar toʻdasi bilan toʻqnashib, makkajoʻxorizorga qoʻndirildi

15:37 15 Avgust 2019 Dunyo
169 0

Bugun ertalab “Uralskiye avialinii”ga tegishli A321 yoʻlovchi layneri “Jukovskiy-Simferopol” yoʻnalishida reysni amalga oshirayotgan paytda Moskva viloyatiga qoʻnishga majbur boʻldi.

Gap shundaki, samolyot havoga koʻtarilgach, chagʻalaylar galasi bilan toʻqnashib ketgan. Qushlarning dvigatelga kirib qolishi nosozlikni keltirib chiqargan. Oqibatda ekipaj samolyotni “Jukovskiy” aeroporti uchish-qoʻnish maydonidan bir kilometr uzoqlikdagi makkajoʻxori maydoniga qoʻndirishga majbur boʻlgan.

RIA Novosti xabariga koʻra, borda 226 yoʻlovchi va 7 nafar ekipaj aʼzoi boʻlgan. 23 kishi, jumladan, bir homilador ayol va toʻqqiz nafar yosh bola shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu voqeani tekshirish uchun Rosaviatsiya vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzildi.

Tergov qoʻmitasi Jinoyat kodeksining harakat xavfsizligi va havo transporti ekspluatatsiyasi qoidalarini buzish moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?