Samarqandda barpo etiladigan turistik markazda dastlabki qurilish ishlari boshlandi

16:20 14 Noyabr 2019 Welcome to uzbekistan
690 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 26-iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida shaharga tutash boʻlgan Samarqand tumani hududida joylashgan Eshkak eshish kanali atrofida yangi Samarqand turistik majmuasi va aholi uchun dam olish maskanlarini barpo etish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi.

Ushbu turistik markaz qurilishi uchun 181 gektar yer maydoni tanlangan boʻlib, turistik markazning bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun bosh loyihachi etib, Turkiyaning “ARUP Group” loyihalashtirish kompaniyasi hamda bosh pudratchi etib, Singapurning “Enter Engineering pte.ltd” kompaniyasi belgilangan.

Turistik markazning loyihasida jami 11 ta mehmonxona, shundan 1 ta kongress xol, 2 ta besh yulduzli, 2 ta toʻrt yulduzli, 6 ta uch yulduzli mehmonxonalar, 1 ta savdo markazi, 1 ta koʻngilochar bogʻ, 1 ta attraksionlarga ega boʻlgan park va 1 ta Akva park qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihalashtirish ishlari tasdiqlangan grafikka asosan 2020-yilning avgust oyida tugatilishi belgilangan boʻlib, loyihalar qurilish ishlari bilan bir vaqtda taqdim etib borilmoqda.

Bugungi kunda, kongress xol binosining boshlangʻich loyihalari (poydevor ishlarining loyihasi) pudratchi tashkilotga taqdim etilgan boʻlib, qurilish ishlari boshlandi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?