Samarqandda 78 ming 633 gektar gʻalladan boʻshagan yer maydoniga takroriy ekin ekiladi

14:29 26 Iyun 2020 Iqtisodiyot
160 0

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatida mavjud 101 ming 230 gektar yer maydonida yetishtirilgan gʻallani nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Pandemiya asoratlarini bartaraf etish yuzasidan aholini oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida, gʻalladan boʻshagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-maydagi“Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida takroriy ekin ekilishi moʻljallangan maydonlarning geografik joylashuvi, tuproq va iqlim sharoitiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Viloyatning13 ta tumanidagi 4 ming 56 ta fermer xoʻjaliklarining 15 ming 133 ta konturida, 78 ming 633 gektar gʻalladan boʻshagan yer maydoniga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, joriy xoʻjalik yilida 6 ming 619 gektar yerga sabzavot, 20 gektar poliz, 35 ming 214 gektar yer maydoniga dukkakli don ekinlari, 350 gektarga moyli ekinlar joylashtirish jadallik bilan olib borilmoqda.

Takroriy ekin ekish orqali ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Kam taʼminlangan, yordamga muhtoj fuqarolar 4 ming 56 ta fermer xoʻjaligiga biriktirildi. Hozirda ushbu fermerlar gʻalladan boʻshagan yer maydonlarini taqsimlash bilan birga, uni haydash va belgilangan takroriy ekin ekish ishlari uchun bevosita amaliy yordam bermoqda.

Shuningdek, Bulungʻur, Ishtixon, Samarqand, Oqdaryo, Tayloq, Payariq va Qoʻshrabot tumanlarining 9 ming 920 gektar yer maydoniga kartoshkaning Arizona, Monten-Karlo, Monreal, Toronto, Constance, Picasso, Esmee, Sylvana, Fontang, Artimis navlari ekilishi moʻljallanmoqda.

Dukkakli ekinlarni, ayniqsa mosh, loviya ekishda ekishning sochma usulidan foydalanilyapti. Suv tanqis boʻlgan yerlarga urugʻni sochma usuldan foydalanib ekish yaxshi samara beradi. Oʻz namiga undirib olingan, 1 gektar yerga ekilgan urugʻdan 20 sentnergacha hosil olish mumkin.

«Bulungʻur sandvik» MCHJ, «Agro Gumush Jomboy» MCHJ tomonidan dukkakli, sabzavot va poliz mahsulotlari qayta ishlanib, xorijiy davlatlarga eksportini yoʻlga qoʻyish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ona yerimiz saxovati sanalgan meva-sabzavot, poliz hamda dukkakli mahsulotlar Xitoy, Eron, Hindiston, Polsha, AQSH, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?