Samarqandda 546ta yangi xonadonlar foydalanishga topshirildi

16:08 07 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
372 0

Samarqand shahri Qorasuv massividagi Obod maskan mahallasida bosh Qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan 546 xonadondan iborat 13 ta qoʻp qavatli arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktyabrdagi PQ-3350 sonli qaroriga muvofiq “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida bunyod etilgan mazkur turar joylarda aholi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Samarqand viloyatida ushbu kompaniya buyurtmachiligida shu kungacha zamonaviy loyihalar asosida 61 ta koʻp qavatli arzon uy-joylar bunyod etildi.

Xususan, 2017-yil dasturga muvofiq Samarqand shahrida 9 ta 5 qavatli jami 405 xonadonli uylar qurib bitkazilgan. 2018-yilda esa jami 36 ta turarjoy barpo etilgan. Shundan Samarqand shahrida 32 ta 7 qavatli jami 1344 xonadonli uylar qurilgan boʻlsa, Kattaqoʻrgʻon shahrida 4 ta 180 xonadonli 5 qavatli arzon koʻp qavatli uylar qurib foydalanishga topshirilgan. Ushbu uylarning 32 tasi 2 yoʻlak, 42 xonadon 4 tasi esa 3 yoʻlak, 45 xonadondan iborat.

2019-yil dasturiga muvofiq Samarqand shahrida jami 13 ta 7 qavatli 546 xonadonli hamda Kattaqoʻrgʻon shahrida 3 ta 5 qavatli 135 xonadonli uylarni qurilishi belgilangan edi. Dastur ijrosi oʻz vaqtida sifatli amalga oshirildi. Eʼtiborlisi, joriy yildan boshlab zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan turarjoylar atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalari bunyod etish va tashqi kommunikatsiya ishlariga ham oʻzgacha yondashildi.

Uylarni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimga viloyat xokimi, nuroniylar va quruvchilar ishtirok etib yangi xonadon sohiblarini muborakbod etdi. Vatan ichra oʻz vataniga ega boʻlgan uy egalari ushbu kunlarga shukronalik aytishdi. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi yanada kuchaymoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?