Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida 50 yoshga kirgan 16 tup archa kesildimi?

18:37 19 May 2020 Jamiyat
598 0

2020-yil 18-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Prezident eʼlon qilgan moratoriy buzildi. Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida 50 yoshga kirgan 16 ta archa kesildi” deb nomlangan maqola eʼlon qilingan edi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qildi. Boshqarmaning Pastdargʻom tuman inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan 2020-yil 9-may kuni kuzatuv reydi davomida Pastdargʻom tuman Shombuloq mahallasida joylashgan “Charxin” ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli sobiq Maktabgacha taʼlim muassasasi yer maydoni (ayni vaqtda tuman hokimligi zahira yer maydoni) dan noqonuniy ravishda 16 tup “Sharq tuyasi” Sharq archa daraxtlari kesilganligi maʼlum boʻldi.

Oʻrganish jarayonida, ushbu noqonuniy kesilgan “Sharq tuyasi” Sharq archa daraxtlari 2009-yilda fuqaro Abdimonat Beknazarov tomonidan ekilganligi, ayni vaqtda sobiq MTM hududi tuman hokimligi zahira yer hisobiga oʻtkazilganligi sababli, fuqaro oʻzi ekkan archa daraxtlarini kesib olganligi, lekin tegishli tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirib, kesish ishlarini amalga oshirish kerakligini bilmasligi aniqlangan.

Natijada “Charxin” ilmiy tekshirish stansiyasi mexanigi Abdimonat Beknazarovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, qaror chiqarilgan hamda solingan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, yaʼni 1 115 000 soʻm miqdorida jarima va 9 209 900 soʻm zarar summasi 2020-yil 12-may kuni toʻliq undirib olingan.

Shu oʻrinda aytish kerakki, ushbu 16 tup noqonuniy kesilgan “Sharq tuyasi” Sharq archa daraxtlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 
2019-yil 31-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonining 4-bandida koʻrsatilgan daraxt va butalar turlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari” roʻyxatida koʻrsatilgan 78 turdagi daraxt va butalar tarkibiga kiritilmagan.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?