Samarqand va Namangan viloyatlarida oʻqituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganmi?

09:16 15 Avgust 2019 Jamiyat
68 0

Arxiv foto

Xalq taʼlimi vazirligi Samarqand va Namangan viloyatlarida umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni oʻrganmoqda.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib oʻtilgan holatlarni oʻrganib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yoʻl qoʻyganlarga chora koʻradi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-sonli qarorining 16-bandiga koʻra xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qatʼiyan taʼqiqlangan.

Mazkur bandga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini oʻtkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortishni taʼminlash topshirilgan.

Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq taʼlimi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay boʻlgan virtual inspektorni ishga tushirgan. Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli toʻlovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?