Samarqand turizm boʻyicha nufuzli konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda

11:36 27 Noyabr 2019 Welcome to uzbekistan
326 0

Shu kunlarda Samarqand shahrida Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (WTCF)ning Markaziy Osiyo mintaqaviy konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Ushbu tadbirda Xitoyning yetakchi sayyohlik kompaniyalari “QYER (Beijing) Company Limited”, “Utour”, “Caissa” va boshqalar, shuningdek, “Tourism Capital”, “Palm Investment Co”, “Shougang Concord International Enterprises Co. Ltd” kabi qator Xitoy investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda. Ishtirokchi shaharlar orasida Penang (Malayziya), Tbilisi (Gruziya), Tanjung Pandan (Indoneziya), Gaaga (Niderlandiya) kabilarni qayd etish mumkin. Shuningdek, mazkur tadbirda qator xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashmoqda.

Turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan “Bir makon bir yoʻl” deb nomlangan Markaziy Osiyo Konferensiyasining ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, bu kabi tadbirlarni oʻtkazish Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini jahon maydonlarida keng targʻib etish, ushbu sohadagi yetakchi shaharlar tajribasidan foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Taʼkidlash joizki, Samarqand Oʻzbekiston shaharlari ichida birinchilar qatorida 2019-yilning boshida Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasiga aʼzo sifatida qabul qilingan. Tashkilot 142 shahar va 80 xalqaro institutni oʻz ichiga oladi.

Tadbir doirasida Xitoy Xalq Respublikasining yirik turizm tashkilotlari hamda investitsiya kompaniyalari bilan V2V va G2B koʻrinishidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Anjuman oʻz ishini davom ettirmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?