Sayyor qabullar hisobot uchun emas, aholi roziligiga qaratilgan

16:46 15 Iyul 2019 Jamiyat
234 0

2019-yilning 6 oyi mobaynida Doʻstlik tumanidagi 4 ta sektorlar rahbarlari tomonidan oʻzlariga biriktirilgan hududlarda yashovchi fuqarolar bilan jami 72 marotaba ommaviy qabul tadbirlari oʻtkazildi. Boʻlib oʻtgan ommaviy qabullarda aholi tomonidan eng dolzarb va oʻtkir muammolar koʻtarilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan birida Gʻofur Gʻulom mahallasida yashovchi Abduvali Sarimsoqov aholining koʻp yillik muammosi boʻlgan drenajlarni ishga tushirish lozimligini aytgan edi. Mahalla ahli yogʻin-sochinli davrlarda juda qiynalar, yer osti sizot suvining yuqorilab ketishi natijasida uylar hamda maʼmuriy binolarning yer toʻlalari suv bilan toʻlardi. Muammo koʻtarilganidan keyin aloqador tashkilot va idoralari mutasaddilari bilan joyiga chiqib oʻrganildi. 

Ushbu muammo tuman Xalq qabulxonasi va 3-sektor rahbari I.Nurmatov tomonidan tuman hokimligi darajasida koʻtarildi.

Tuman hokimligining tashabbusi bilan tegishli tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari homiyligi asosida drenaj tizimining Doʻstlik Qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji hovlisi, “A.Sarkisov” kanalining va Arnasoy tumaniga olib boruvchi yoʻldan “Mevazor” QFYga oʻtuvchi qismlaridagi eski quvurlar toʻliq yangilandi. Natijada mahalla oʻrtasida toʻplanib, atrofga badboʻy hid taratgan sizot suvlar toʻplanib qolishiga barham berildi.

Oʻtkazilgan sayyor qabullardan shu kabi koʻplab muammolar hal etilmoqda.

Tadbirlarda ishtirok etgan 2959 nafar fuqarolarning 639 nafari oʻzlarining 803 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qilishgan. Ushbu murojaatlardan 466 tasi oʻrganib chiqilib qanoatlantirilgan, 294 tasi boʻyicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 43 ta murojaatlar esa hozirgi kunda ijrochi tashkilotlar tomonidan oʻrganib chiqilmoqda.

Ushbu raqamlarni 4 ta sektorlar kesimida koʻrib chiqarkanmiz, 1-sektor rahbari tuman hokimi Ulugʻbek Uzoqov olti oy mobaynida 20 ta sayyor qabullar oʻtkazgan. Unda fuqarolardan 218 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaatlar boʻlgan. Murojaatlarning 135 tasi ijobiy hal etilgan, 81 ta murojaat boʻyicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 2 tasi ayni paytda oʻrganilmoqda.

Tuman prokurori Akbar Sakiyevga biriktirilgan 2-sektor hududida 18 ta sayyor qabullar tashkil etilgan. Ularda 175 ta muammoli masalalari koʻtarilgan. Murojaatlarning 104 tasi ijobiy hal etilgan, 59 tasi boʻyicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, qolgan 12 ta murojaatlar oʻrganilyapti.

3-sektorga rahbarlik qilayotgan tuman IIB boshligʻi I.Nurmatov aholi bilan 18 ta uchrashuv oʻtkazib, fuqarolardan 194 ta muammoli masalalari tushgan. 123 ta murojaat qanoatlantirilgan, 55 tasi boʻyicha fuqarolarga kerakli maslahatlar berilgan, 16 ta murojaatlar esa oʻrganilmoqda.

Tuman DSI boshligʻi R.Begimqulov 4-sektor hududidagi aholi yashash manzillarida 16 ta sayyor qabullar tashkil etgan. Uchrashuvlar davomida 216 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qabul qilingan. Aytilgan murojaatlarning 104 tasi oʻrnida hal etilgan. 99 tasi tushuntirishlar berilgan, 13 ta murojaatlar esa oʻrganilmoqda.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan davr mobaynida Jizzax viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida 2019-yil 4-aprel kuni Jizzax viloyati hokimi E.Saliyev tomonidan aholi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda Nomoz Xolmurodov “Chinobod” mahallasida joylashgan 24 ta barak uylar buzilishga tushganligi sabab 150 ta xonadonlarda yashovchi 600 nafarga yaqin fuqarolarni taqdiriga aniqlik kiritishni soʻragan.

Murojaat yuzasidan hozirgi kunda Doʻstlik tumani hokimligi tomonidan ushbu xonadonlarda yashovchi 40 ta oilaga uy-joy qurish uchun 3 sotixlik yer maydonlari ajratildi. Tuman hokimligi homiyligida ishlab chiqilgan loyiha asosida aholi tomonidan uy-joylarga poydevorlar qoʻyilib, devorlari koʻtarilmoqda.

Qolgan 120 ta oilalarni uy-joy bilan taʼminlash uchun Doʻstlik shahri, A.Navoiy mahallasi hududida 4 ta 4 qavatli binolarning qurilishi rejalashtirilib, hozirgi kunda ushbu koʻp qavatli uylarning poydevorlarini qurish ishlari boshlandi.

Bu kabi ijobiy hal etilgan masalalarni koʻplab keltirish mumkin. Taʼkidlash joizki, oʻtkazilayotgan tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, aholining muammolarini aniqlash va ularni hal etishga qaratilgan.

Eng muhimi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori va shu yil 17-yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni ijrosi Doʻstlik tumanida samarali amalga oshirilmoqda.

Gʻaybulla PARMANOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyati Doʻstlik tumani Xalq qabulxonasi mudiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?