Sayyohlik sohasi Turkiy tilli davlatlar iqtisodiyoti tiklanishida muhim omillardan biridir

15:08 30 Iyun 2020 Welcome to uzbekistan
230 0

Joriy yilning 23-iyun sanasida videokonferensiya shaklida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (TTDHK) aʼzo davlatlar turizm vazirlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, TTDHK turizm vazirlari yigʻilishi – ushbu tashkilot doirasidagi muloqot platformasi hisoblanib, sayyohlik sohasida faoliyat yurituvchi barcha manfaatdor soha vakillarini oʻz atrofida birlashtiradi. Tuzilmaning faoliyat maqsadi — turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan umumiy strategiyani ishlab chiqish va shu soha doirasida Turkiy Kengashning xalqaro miqyosdagi mavqeini koʻtarish.

Eʼtiborlisi shundaki, uchrashuvning oʻtkazilishi sayyohlik sohasining milliy va xalqaro miqyosda koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri ostida qolib ketgan bir sharoitga toʻgʻri keldi.

Tarmoqning shu davrgacha koʻrgan zararini Xalqaro turizm tashkiloti 1,2 trillion miqdorida baholamoqda. Ushbu tashkilotning statistik maʼlumotlariga koʻra, faqatgina joriy yilning yanvar va aprel oylari oraligʻida turizm sohasi sayohatlarning 44 foiz kamayishi hisobiga 195 milliard hisobida zarar koʻrdi. Shu bilan birga, katta yoʻqotishlarni xizmat koʻrsatuvchi sohalar — kafe, restoran, mehmonxona va taksi xizmatlari ham boshdan kechirishdi.

Shuni inobatga holda, sayyohlik sohasini qayta ishga tushirish choralarini izlash, sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash va birgalikda faoliyatni yoʻlga qoʻyishda harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari TTDHKning joriy yigʻilishi kun tartibidagi asosiy mavzuga aylandi.

Uchrashuv ishtirokchilari pandemiya sharoitida turizm holatiga oid boʻlgan masalalarni muhokama etish bilan bir qatorda, beqaror epidemiologik vaziyatning tarmoqqa boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatish ishlari boʻyicha fikr almashdilar va eng muhimi, mamlakatlar oʻrtasidagi turistik almashuvlarni tiklash vazifalarini koʻrib chiqishdi.

Bunday sharoitda tiklanish jarayoniga turtki berishga qodir boʻlgan yaratuvchanlik gʻoyalarga zaruriyat paydo boʻlganligini inobatga olgan holda, muhokama ishtirokchilari turizm sohasiga raqamli texnologiya yutuqlari va yangi innovatsiyalarni jalb etish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratishdi.

Shu bilan bir qatorda, Turkiy Kengash mamlakatlari turistik yoʻnalishlari umumiy “yoʻl xaritasini” yaratish, umumiy sayyohlik telekanalini ishga tushirish va virtual turlarni yoʻlga qoʻyish kabi aniq maqsadlar koʻrib chiqildi.

Vazirlar uchinchi mamlakatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlarga moʻljallangan “Ipak yoʻli vizasini” amalga joriy etish vazifalarini tezlashtirish lozimligi boʻyicha aniq toʻxtamga kelishdi. Shuningdek yangi turistik yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish bilan turizm sohasi imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

Eng muhim qarorlardan biri sifatida faoliyat turiga sayyohlik idoralari bevosita hamkorlik yuritishi uchun informatsiya almashish jarayonini taʼminlab berish kabi vazifalar kiruvchi turizm sohasidagi faoliyatni Muvofiqlashtiruvchi qoʻmitani yaratish gʻoyasi boʻldi.

Yaqin istiqboldagi maqsadlar qatoriga “qizil”, “sariq” va “yashil” reyslar tizimini joriy etgan holda TTDHK davlatlari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlashtirilgan xalqaro aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalari kiritildi. 

Oʻz tarafidan, Oʻzbekiston oʻziga xos tarixiy-madaniy obyektlarga ega boʻlgan bir nechta shaharlarini davlatlar oʻrtasida yagona turistik loyiha hisoblanuvchi “Zamonaviy Ipak yoʻli” dasturiga kiritish taklifi bilan chiqdi.

Konferensiya yakunida keyingi uchrashuvni Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi. Aynan ushbu uchrashuvda inqirozdan soʻng sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli rejalarni chuqur koʻrib chiqish kutilmoqda.

TTDHKning ushbu aniq kelishuvlar bilan yakun topgan navbatdagi uchrashuvini integratsion tuzilma aʼzolarining turizm sohasini “falaj” (turgʻun) holatidan olib chiqish va uni «koronainqiroz» davriga moslashtirish imkonini beruvchi yagona harakatlar tizimini ishlab chiqishga boʻlgan umumiy intilishlarning natijasi sifatida baholash mumkin.

Uchrashuv oʻtkazilish vaqtining xalqaro turizm sanoati “qayta jonlanish” alomatlari koʻzga tashlanayotgan bir davrga toʻgʻri kelganligi bejiz emas. Shu maʼnoda, mazkur yigʻilishni butun dunyoni qamrab olgan beqaror epidemiologik vaziyatning sayyohlik sohasiga salbiy taʼsiri, bunday sharoitda milliy turistik strategiyalarni qayta koʻrib chiqish lozimligi va xalqaro turizm bozoridagi jadal oʻzgarayotgan holatning dolzarbligini Kengash ishtirokchilari tomonidan chuqur anglanganligi amaliy ifodasi deb ham hisoblasak boʻladi.

Shuni inobatga olgan holda, ustuvor maqsadlar qatoriga turistlarga xizmat koʻrsatishning yangi tartibini amalga joriy etish va ularning xavfsizligini taʼminlash masalalari kiritildi. Qolaversa, Turkiy Kengash mamlakatlari turistik yoʻnalish va mahsulotlarni keng ommalashtirishda jadal “raqamlashtirish” yoʻliga oʻtishni koʻzlashmoqda. Virtual turlarni tashkillashtirish va turistik kanalni ishga tushirish rejalarining muvofiqlashtirilishi ham shu bilan izohlanadi.

Raqamli texnologiyalarning keng qoʻllanilishi: sayohat qilish maqsadini koʻzlaganlar uchun oʻz tashriflarini rejalashtirish yoʻllarini optimallashtirishga va milliy korxonalarga yangi epidemiologik sharoitga bosqichma-bosqich moslashishga imkoniyat yaratib berib, turizm sohasini “qutqaruvchi omilga” aylanadi.

Bundan tashqari, virtual turlar yordamida turizm sohasidagi korxonalarga maʼlum sayyohlik yoʻnalishlaridagi manzara va mahalliy diqqatga sazovor joylarning panoramasini onlayn tarzda atroflicha namoyish etgan holda tarixiy obyektlarni ommalashtirish ishlarini yengillashtirish mumkin.

Shu bilan bir vaqtda uchrashuv davomida umumiy viza tizimini joriy etish, turizm sohasida Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita tuzish va turistik yoʻnalishlarning yagona “yoʻl xaritasini” yaratish kabi kelishilgan maqsadlar TTDHK mamlakatlarining umumiy turistik brendni shakllantirish va sayyohlik mahsulotlarini jamoaviy tartibda keng targʻib qilish imkonini beruvchi yagona turistik makonni yaratish loyihasi ustida ish olib borayotganliklarini koʻrsatmoqda.

Hamkorlikning bunday tarzda rivojlanishida turkiyzabon mamlakatlardagi turizm sohasidagi rahbarlar va ish boshqaruvchilar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarning oʻrnatilishi, shuningdek ular tomonidan mavjud munosabatlar mexanizmidan oʻzaro tajriba ayirboshlashning muntazam amaliyotiga oʻtish maqsadida keng foydalanilishi yana bir muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Shubhasiz, hamkorlikning bunday rivojlanishidan asosiy foyda oluvchilarning biri sifatida turkiy-islomiy sivilizatsiyaning asosiy markazi maqomiga ega boʻlgan, xalqaro turizm bozorining salmoqli ishtirokchisi hisoblanuvchi, shuningdek dunyoning barcha nuqtalaridagi maʼdaniy-estetik zavq istovchilar uchun “jozibador qutbga” aylanayotgan Oʻzbekiston sanaladi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning turkiyzabon mamlakatlar ichida birinchilardan boʻlib turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash masalalarini hal etishga kirishgani va bugungi kunda yangi “xavfsiz turizm” tizimini joriy etish taraddudida turganligini eslatib oʻtish maqsadga muvofiqdir.

Shunisi eʼtiborliki, Oʻzbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyidayoq milliy turizm bozori ishtirokchilarini qoʻllashga qaratilgan muhim choralar va ragʻbatlantirishlar tizimini amalga kiritish maqsadlari doirasida koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashda kechiktirib boʻlmaydigan choralarga oid qarorni imzoladi.

Bir vaqtning oʻzida mamlakatimiz hukumati sayyohlik xizmatlariga boʻlgan ichki talabni sohani ragʻbatlantirishning oqilona usullaridan biri deb biladi. Shu maqsadda 1-iyun sanasidan boshlab ichki turizm qayta tiklandi.

Xulosa qilib aytganda, Turkiy Kengash turizm sohasi rahbarlarining boʻlib oʻtgan videokonferensiyasi ushbu hamkorlik formatiga borgan sari talab ortib borayotganligini, ishtirokchi mamlakatlarning madaniy-qondoshlik rishtalarini oʻzaro manfaatli iqtisodiy sherikchilik munosabatlariga aylantirishga boʻlgan ezgu intilishlarini va ularning turizm sohasida ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan aniq amaliy harakatlarga oʻtishga tayyor ekanliklarini yana bir bora tasdiqladi.

Dunyoda hukm surayotgan pandemiyaning “zararli iskanjasi girdobida” qolib ketgan sayyohlik tarmogʻini qayta ishga tushirish uchun umumiy choralar majmuasini ishlab chiqishga boʻlgan TTDHKning bunday urinishlari umumiqtisodiy faoliyatni tizimli tiklash yoʻlida “katalizatorga” aylanishi shubhasizdir.

Bu esa oʻz navbatida, tashkilotning turkiyzabon mamlakatlar davlat rahbarlarining bu oʻlkalar xalqlarini iqtisodiy farovonligini oshirishga boʻlgan ezgu saʼy-harakatlarida kamarbasta boʻlib, yana bir “ilgʻor gʻoyalar taʼminotchisi” vazifasini bajarayotganligini koʻrsatmoqda.

Azizjon Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
ye
takchi ilmiy xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?