Sayyohlar va yurtdoshlarimiz qaysi transport turini maʼqul koʻradi?

16:16 12 Dekabr 2019 Welcome to uzbekistan
311 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida turizm va transport obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, Yoʻl harakati xavfsizligi, Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmalari hamda Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi mutasaddilari, shuningdek, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlandiki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda turistik salohiyatni yuksaltirish, turistlar oqimini koʻpaytirish hamda ularga qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilyapti.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan 11 oy mobaynida Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, va Qashqadaryo viloyatlari IIBlarining xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan 77 ta davlat va xalqaro tashkilotdan tashrif buyurgan 937 ta delegatsiya kutib olindi va ularning xavfsizligini taʼminlash va kuzatish bilan bogʻliq tadbirlar amalga oshirildi.

Turizm namoyishi obyektlarida xizmat olib borayotgan xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari tomonidan turli masalalarda yordam soʻrab murojaat qilgan 91 000 dan ortiq xorijiy va mahalliy sayyohlarning murojaatlari alohida eʼtibor bilan koʻrib chiqilib, ularning barchasiga amaliy yordam koʻrsatildi.

Xorijlik mehmonlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalalari yuzasidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 240 ta taklif va taqdimnoma kiritildi.

Sayyohlar tashrif buyurgan hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, ushbu faoliyat ustidan muvofiqlashtirilgan boshqaruvni tashkil etish maqsadida, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Situatsion markaz tashkil etilib, markaz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy vosita va dasturiy taʼminotlari bilan toʻliq jihozlandi.

Ushbu markazda Samarqand shahrining interfaol Geolokatsion xaritasi ishlab chiqilgan boʻlib, unga shaharda mavjud turistik va ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi yashash xonadonlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar kiritildi.

Metropoliten obyektlarida, temir yoʻl va havo-transport infratuzilmasida xavfsizlikni taʼminlash, sayyohlar hamda yurtimiz aholisiga sifatli xizmatlar koʻrsatish boʻyicha ham salmoqli ishlar olib borildi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi xodimlari 140 ta temir yoʻl va havo transporti infratuzilmasi obyektlarida joylashgan 115 ta post va 169 ta yoʻnalishda xavfsizlikni taʼminlashga jalb etilgan. Bundan tashqari, metropoliten obyektlaridagi 238 ta postda xizmat olib borilmoqda. Shuningdek, 12 ta xalqaro aeroportlarda jamoat xavfsizligi taʼminlanmoqda. Bu aeroportlardan 15 tasi mahalliy va 45 ta xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshiradi.

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida havo transportida parvozni amalga oshirgan yoʻlovchilar soni 4.841.799 nafarni tashkil etgan. Temiryoʻl poyezdlarida esa 21.826.900 nafar yoʻlovchilarning xavfsizligi taʼminlangan.

Yoʻlovchilarning eng koʻpi esa metropolitenda yurishni afzal bilisharkan. Yaʼni, joriy yilning oʻtgan davrida metropolitendan 60 milliondan ortiq yoʻlovchilar tashilgani ham buni yaqqol isbotlab turibdi.

Matbuot anjumanida OAV vakillarining savollariga batafsil javoblar qaytarildi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?