Sadoqat bu – doʻstlik degani, doʻstlik esa sadoqat demakdir

12:36 01 Iyul 2020 Siyosat
183 0

Prezidentimizning Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan tabrigi ayni bir vaqtning oʻzida konseptual dastur sifatida ham yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida muhim strategik ahamiyatga ega.

Xususan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini oladigan boʻlsak, har bir soha taraqqiyotida yoshlarning alohida oʻrni va roli bor.

Bugun yoshlarning kuch-gʻayrati, aql-zakovati hayotimizning barcha sohalarida namoyon boʻlayotgani quvonarli. Yoshlik bu maʼjoziy maʼnoda asov otdek kuch-qudratga ega boʻlib, oʻz vaqtida ilm-tarbiya bilan jilovlanishi, shuningdek, bandligi taʼminlanishi har bir davrning eng asosiy muhim masalasi boʻlib kelgan.

Jumladan, soʻnggi uch yilda mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlari sonining 60 foizga oshib 116 taga yetganligi, taʼlim sohasida mutlaqo yangicha islohotlar davri boshlanganini bugun barchamiz koʻrib, bilib turibmiz.

Ayniqsa, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida yaratilgan imkoniyatlar, oʻylaymanki, dunyoning boshqa davlatlarida kam uchraydigan siyosat.

Mamlakatimizda birgina “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 1 trillion 635 milliard soʻmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgani, “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi boʻyicha 65 ming nafarga yaqin yoshlarimizga 54 ming 232 gektardan ziyod yer ajratilgani pirovardida koʻplab yoshlarning bandligi, ish oʻrinlarining yaratilganligi yoshlar masalasi davlat eʼtibori markazida ekanligidan dalolat beradi.

Yana bir muhim masala davlatimiz rahbari tabriklarida bugungi murakkab davrda yoshlar ongi va qalbini egallashga qaratilgan maʼnaviy tahdidlar tobora xavfli tus olib borayotganligi haqida toʻxtalib, “...avvalo, yoshlarimizni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida, ularning isteʼdod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida boshlagan ishlarimizni qatʼiyat bilan davom ettiramiz”, deya taʼkidlaganlari bundan keyin ham yoshlarga barcha imkoniyatlar eshigi keng ochilishidan dalolatdir. 

Shuningdek, Prezidentimiz tabriklarida yoshlarga qarata “Yosh doʻstlarim!” deb murojaat qilishlarida ham hikmat bor. Chunki doʻstlik shunday bir daraxtdirki, urugʻi vafo, shoxlari umid, yaproqlari saodatdir.

Doʻstlik va sadoqat tushunchalari bir-biriga maʼnodosh va bir-biriga chambarchas bogʻliq boʻlgan soʻzlardir. Toʻgʻrirogʻi, sadoqat bu – doʻstlik degani, doʻstlik esa sadoqat demakdir.

Zero, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Fitratning «Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sogʻlom jismu tan, oʻtkir aql va yaxshi axloqdir» degan iborasini yodga olishning oʻzi yetarli, deb oʻylayman.

Farhod BOQIYEV, 
Oliy Majlis Senati aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?