Rossiyalik sayyohlarning eng koʻpi Yangi yilni Oʻzbekistonda kutib olishmoqchi

19:03 25 Oktyabr 2018 Welcome to uzbekistan
1392 0

Yangi yil bayrami ham tobora yaqinlashyapti. Quvonarlisi, mazkur ezgu tilaklar ayyomini oʻz uyida emas, aynan Oʻzbekistonda nishonlashni istayotgan xorijliklar soni ham tobora koʻpayib bormoqda. Yaqinda eng yirik “Tutu.ru” sayyohlik servisi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, rossiyaliklar oʻrtasida aynan Oʻzbekiston Yangi yilni kutib olish uchun eng ommabop va mashhur mamlakat deb topilibdi. Vaholanki, oʻtgan yil diyorimiz ushbu reytingda yettinchi pogʻonani egallagan boʻlsa, Germaniya, Chexiya va Moldaviya yetakchilar qatoridan joy olgandi. Bu safar esa yurtimiz olti oʻrin yuqorilab, nemislar, chexlar va moldovanlar oʻlkalarini ham ortda qoldirib ketdi.

Binobarin, Rossiyada Yevropaga yangi yil aviachiptalari sotilishi 20 foiz pasaygan boʻlsa, Oʻzbekiston yoʻnalishi boʻyicha bu koʻrsatkich 2017 yilga nisbatan ikki barobar koʻpaygan. Ekspertlarning aytishicha, rus turistlarining asosiy qismi diyorimizga uning mehmondoʻstligi, milliy taomlaridan bahramand boʻlish va Chimyon togʻida changʻida uchishga katta qiziqish bildirmoqda.

“Bayram sanalariga sotilgan chiptalar boʻyicha eng totli palov mamlakati hatto Yevropaning mashhur shaharlari, masalan, Berlin va Pragadan ham oʻzib ketdi”, - deb yozadi rossiyalik jurnalist Mariya Naumenko. Uning aytishicha, rossiyaliklar bu tanlovni bejiz qilishmagan. Zero, Oʻzbekistonda sermazmun hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo va sayohat uchun u qadar koʻp sarf-xarajatlar talab etilmaydi.

“Masalan, Toshkentda ikki kishi mehmonxonada bir kecha-kunduz turishi uchun taxminan 30-50 dollar ketadi. Buning ichida nonushtasi ham bor”, - deya qayd etib oʻtadi ijodkor. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda muloqot boʻyicha ham hech qanday toʻsiq yoʻq: koʻpchilik aholi rus tilida bemalol gaplashadi va har qanday vaziyatda chin yurakdan turistlarga yordam beradi. Vladimir Putinning yaqinda Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi ham mamlakatga boʻlgan qiziqishni yanada oshirgani aniq.

Jurnalist turistlar qishki taʼtil uchun chemodanlarini tayyorlayotgan bir paytda mehmondoʻst Oʻzbekistonda dam olishni tashkil etishning eng yaxshi ssenariylariga ham toʻxtalib oʻtgan.

1-ssenariy: totli

Nima uchun olivye yoki shuba ostidagi selyodkani palov yoki kulchalarga almashtirish mumkin emas? Boz ustiga, anʼanaviy goʻshtli taom — norinning ham mazasini tatib koʻrish kerak. Oʻzbek oilalari uni Yangi yilda tayyorlashni yoqtirishadi. Bayram kechasi choyxonaga borish yoki xushmuomala va samimiy oʻzbeklar bilan toʻkin dasturxon ustida birga oʻtirish mumkin.

Biroq diyetologlar maslahatini eslab qoling: meʼyorni saqlang va barcha xushtaʼm taomlarni birdaniga tanovul qilishga urinmang.

2-ssenariy: togʻli

Oʻzbekistonga xushtaʼm neʼmatlar, koʻhna mehmonnavozlik va goʻzal tabiatdan bahra olish uchun borishadi. Yana Chimyon togʻlarida changʻida yoki snoubordda uchib ham maza qilish mumkin. Shuningdek, qishki sport turlari bilan Beldersoy va Yangiobodda ham shugʻullansa boʻladi. Chimyon trassalari juda oddiy va u qishki sport turlarida hali yangi boʻlgan odamlar va sportchilar oʻz texnikalarini takomillashtirishlari uchun mos keladi. Biroq Beldersoydagi tepaliklardan tushish hatto tajribali changʻichilar uchun ham qiyin kechadi. Togʻ changʻisi trassalarida koʻp yillik stajga ega professional yoʻriqchilar faoliyat olib boradi.

3-ssenariy: musiqali

Nima uchun Yangi yilni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga oʻrnatiladigan archa oldida kutib olish mumkin emas? Bayram kayfiyatini biz uchun tanish boʻlgan qish sovugʻi ham buza olmaydi.

Umuman olganda, bayram arafasida archa atrofida xushchaqchaq muhit paydo boʻladi: oʻzbek estradasi yulduzlari qoʻshiq kuylaydi, taniqli ansambllar raqsga tushadi, bolalarga esa koʻchalarda ertak qahramonlari shirinliklar ulashadi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, hozirgi kunda Oʻzbekiston uchun eng muhimi Yangi yilda dam olish yoʻnalishidagi yetakchiligini mustahkamlab olish uchun sayyohlarning ishonchini oqlashdir. Bunga shubha qilmasa ham boʻladi, zero, Oʻzbekiston mehmonlarni qanday qabul qilishni juda yaxshi biladi.

Taniqli sayohatchi bloger Natalya Cherkes aytganidek, Oʻzbekistondagi muhit milliy urf-odatlarga maksimal singib ketish, mamlakat nafasini his etish va undan zavq olish imkonini beradi.

Said MAXSUMOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?