Rossiya kompaniyasi Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qiladi

18:46 31 May 2019 Iqtisodiyot
301 0

30-may kuni Urganch shahrida boʻlib oʻtgan Hukumat rahbarlari darajasidagi Oʻzbekiston – Rossiya qoʻshma komissiyasining birinchi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Rossiyaning “Novaport Xolding” MCHJ kompaniyasi oʻrtasida Samarqand, Namangan va Urganch shaharlari aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha loyihani amalga oshirish yuzasidan shartnoma imzolandi.

“Novaport Xolding” kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirib, oʻzining “Loyihalash-Qurilish-Ekspluatatsiya-Topshirish” (DBOT) modeli asosida ishlab chiqilgan takliflarini taqdim etdi. Muzokaralar yakuni boʻyicha imzolangan Bitimga koʻra, Rossiya tomoni loyihani amalga oshirishning moliyaviy, texnik va yuridik imkoniyatlarini baholash uchun 4 oy muddatda tegishli huquqiy ekspertiza oʻtkazadi.

“Novaport Xolding” MCHJ bajarilgan ishlar yakuniga koʻra texnik va moliyaviy modelning asosiy shartlari koʻrsatilgan, loyihani amalga oshirishning dastlabki shartlari va bosqichlari bayon qilingan mufassal taklifni ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston tomoniga taqdim etadi.

Rossiya tomoni tayyorlagan taklifni oʻrganish va hujjatlarni yuridik, moliyaviy va texnik ekspertizadan oʻtkazish uchun daxldor vazirlik va idoralarning mutaxassislari, shuningdek malakali mahalliy va xorijlik konsultantlar jalb etiladi.

Muzokaralar doirasida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Rossiyaning “RT-ITS” MCHJ oʻrtasida avtomobil yoʻllari foydalanuvchilaridan toʻlov qabul qilishning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, vazn-gabarit nazorati tizimlari hamda yuklarni nazorat qilish tizimlarini oʻrnatish boʻyicha infratuzilmaviy yechimlar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi Raqamli transport tizimlarini yaratish sohasida hamkorlikka doir Memorandum imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?