Rossiya “Katta sakkizlik”ka qaytadimi?

16:13 26 Avgust 2019 Dunyo
160 0

Fransiyada uchrashgan G7 (katta yettilik) davlatlari rahbarlari Rossiyani qudratli mamlakatlar guruhiga qaytarish masalasini muhokama qilishdi, deb xabar berdi BBC.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyani ortga qaytarib, katta sakkizlik guruhini qayta tiklash gʻoyasiga qarshi emasligini bildirgan.

The Guardian maʼlumotiga koʻra, Oq uy rahbari Fransiyaning Biarris shahridagi kechki ovqat paytida RFni “Katta sakkizlik”ka qaytarishga chaqirgan. Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte bu fikrni qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe betarafligini aytib oʻtgan.

Biroq boshqa G7 guruhi aʼzolarining aksariyat qismi hozircha bunga tayyor emasliklarini taʼkidlashgan. Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada va Fransiya yetakchilari hamda Yevrokengash raisi Donald Tusk bunga qarshi chiqqani buning tasdigʻi.

Tramp esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinni 2020-yilda AQSHda oʻtajak katta yettilik sammitiga mehmon sifatida taklif qilishini aytgan.

U Rossiyaning guruhga qaytarilishini maqsadga muvofiq ekanligi, zero, Suriya, Eron, Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyatni Rossiya ishtirokisiz muhokama qilishning iloji yoʻqligini bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?