“Rogʻun” GESi qurilishida pul oʻzlashtirgan kompaniya rahbari 10 yilga qamaldi

14:38 14 Avgust 2019 Dunyo
210 0

Tojikistonning Soʻgʻd viloyati B.Gʻofurov tumanidagi “Farovon-2016” MCHJ rahbari Qosim Yahyoyev mablagʻlarni rastrata qilish va oʻzlashtirishda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Avesta xabar berdi.

“Farovon-2016” kompaniyasi rahbari Q.Yahyoyev “Rogʻun” gidroelektr stansiyasi uchun zanglamaydigan elektrodlar sotib olish boʻyicha tenderda yutib chiqadi, biroq jarayonda mablagʻlarning bir qismini oʻzlashtirib yuboradi.

Tojikiston davlat moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish agentliginig Soʻgʻd viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan shu boʻyicha surishtiruv ishlari olib borildi.

Tenderda gʻalaba qozongan Q.Yahyoyev “Rogʻun” GESi uchun 13,4 tonna zanglamaydigan elektrod sotib olishi kerak edi.

Aslida u 12 mln. 71 ming somoniyga 12,2 tonna shunday qurilish materialini xarid qilib, GESga 600 ming somoniy zarar yetkazgani aniqlandi.

Unga nisbatan tegishli moddalar boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Sud Q.Yahyoyevni aybdor deb topib, oʻn yillik qamoq jazosiga hukm qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?