Rasul Kusherbayev: Kimning qancha soliq toʻlayotgani endi sir emas

17:05 25 Iyun 2020 Siyosat
1608 0

Oliy Majlisning sobiq deputati, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoni Davlat byudjeti boshqarmasi sektori mudiri Abdurashid Abduqodirovning maʼlum qilishicha, soliq siri hisoblanmaydigan maʼlumotlar shu jumladan, kimning qancha soliq toʻlayotganligini hamma uchun ochiq holda joylashtirib borish yoʻlga qoʻyilibdi.

Maʼlumot uchun yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi bilan 8 xil maʼlumotlar:

- hamma foydalanishi mumkin boʻlgan, shu jumladan egasining roziligi bilan shunday foydalanish imkoni yaratilgan maʼlumotlar;

- soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

- soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishlari va bu qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

- soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻllaniladigan soliq rejimlari va qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar sifatida hisobga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

- toʻlangan soliqlarning va soliq qarzining summalari haqidagi maʼlumotlar;

- yuridik shaxsning ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

- xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

- moliyaviy hisobot maʼlumotlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq siri hisoblanmasligi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida soliq toʻlovchilar va ularning toʻlagan soliqlari haqidagi maʼlumotlar joylashtirib borilmoqda.

Misol uchun, Sizni, biror bir korxona yoki tadbirkorlik subyekti haqidagi maʼlumot: masalan taʼsischilar kimligi, toʻlayotgan soliq miqdori, soliq qarzi kabilar qiziqtirsa, yuqorida keltirilgan havola orqali kerakli maʼlumotlarni koʻrish mumkin.

Bunday maʼlumotlarni hududlar yoki tuman hamda shaharlar kesimida ham olish mumkin ekan.

Bilishimcha, kimning qancha soliq toʻlayotganligini ochiq kuzatib borish korrupsiya va monopoliya kabi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda rivojlanishga toʻsiq boʻlib turgan illatlarni yoʻq qilishda katta ahamiyatga ega.

Shaxsan men uchun isteʼmolchi istagiga qarshi boʻlsa ham bozorda ustunlikni saqlab qolib, import uchun turli cheklovlar qoʻydirib, mahsulotini «xohlasang shu, boʻlmasa katta koʻcha», deb sotadigan yoki xizmat koʻrsatadigan monopol tashkilotlarning qancha soliq toʻlayotganligi qiziq. Ular qancha soliq toʻlayapti ekanki, ularning bunday “injiqliklari”ga chidab kelsak. Keyin “yashirin iqtisodiyot”ning “gullashi”ga xizmat qilayotganlarni ham aniq bilib olsa boʻladi.

Aytgancha, yaqinda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida “majburiy deklaratsiya”ga oʻtish masalasi koʻp muhokama qilingandi.

Yuqoridagi oʻzgarishni bu yoʻl sari yana bitta tashlangan qadam, desa boʻladi. 

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?