Rasman: 1-oktyabrdan xalqaro toʻlov kartalaridan xorijiy valyutalar yechib olinishi toʻxtatiladi. Nega?

13:11 26 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
447 0

Jismoniy shaxslarning xalqaro toʻlov kartalaridan naqd pul mablagʻlarini yechib olish toʻgʻrisida Markaziy bank axborot berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro toʻlov kartalaridan (XTK) naqd valyuta mablagʻlarini yechib olishga oid ommaviy axborot vositalaridagi nashrlar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarga maʼlum qiladi.

Valyuta ayirboshlash operatsiyalarida qulayliklar yaratish hamda ularni soddalashtirish maqsadida, 2019-yil avgust oyining uchinchi oʻn kunligidan boshlab tijorat banklaridagi valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali jismoniy shaxslar – rezidentlarga naqd xorijiy valyutani sotish amaliyoti joriy qilindi.

Shu bilan birga, amaliyotda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bogʻliq shubhali operatsiyalarni amalga oshirish, xususan mamlakat hududida boshqa shaxslar tomonidan norezidentlarning xalqaro toʻlov kartalaridan valyuta mablagʻlarining yechib olinishi holatlari mavjud va ular boʻyicha xatarlar yuzaga kelmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar milliy valyuta – “soʻm”da amalga oshirilishi lozimligi, shuningdek xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda joriy yilning 1-oktyabridan boshlab mamlakat hududida bankomatlar orqali XTKdan mablagʻlarning yechib olinishi faqat milliy valyutada amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar – rezidentlar bevosita tijorat banklari muassasalarida shaxsni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim qilgan holda XTKdan xorijiy valyutadagi naqd pul mablagʻlarini cheklovlarsiz yechib olish huquqiga ega.

Jismoniy shaxslar – norezidentlar tomonidan bankomatlar yoki valyuta ayirboshlash shoxobchalarida konvertatsiya qilinib, sarflanmay qolgan milliy valyutadagi pul mablagʻlari qonunda belgilangan tartibda valyuta ayirboshlash shoxobchalarida naqd xorijiy valyutaga ayirboshlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?