“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning ijro etilishi muhokama qilindi

21:21 29 May 2020 Siyosat
162 0

2020-yil 29-may kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining videokonferensiya tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Senat aʼzolari, tegishli idoralar mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 28-may kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanligi borasida soʻz yuritib, raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmasligi, narxlar tushmasligi, monopol korxonalarni oʻzgartirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishning vaqti-soati kelganligini taʼkidlagan edi.

Shu oʻrinda bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolgan. Lekin bir qator yoʻnalishlarda raqobat muhiti shakllanib boʻlgan 19 xil mahsulot va xizmatlar boʻyicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish mumkinligi ham davlat rahbari tomonidan qayd etildi.

Oʻtgan yilda isteʼmolchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid boʻlgan. Shu bois, Davlat rahbari tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida qoʻmitani isteʼmolchilarning manfaatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri himoya qiladigan xalq vakillik organi – Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.

Shundan kelib chiqib senatorlar “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan ijro etilishiga eʼtibor qaratdi.

Bugungi kunda mavjud 238 ta monopoliya subyektining 79 foizini davlat korxonalari tashkil etib, ular oʻz resurslaridan foydalangan holda xususiy sektor bilan nohalol raqobatga kirishib kelayotganligi holatlari qoʻmita tomonidan aniqlangan. Internet va mobil aloqa, avtomobillar, mineral va kimyo oʻgʻitlari, poliyetilen granulalari, shakar, tamaki, elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish kabi bozorlar shular jumlasidandir.

Qoʻmita tomonidan 12 ta sanoat tarmogʻidagi 130 turdagi mahsulotning narx raqobatbardoshligi tahlil qilinib ichki va tashqi bozorda mahsulotlar tannarxini pasaytirish hamda raqobat muhitini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga takliflar berilgan.

Qayd etilganidek, tadbirkorlik subyektining biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan, boshqasi esa sotuvchi yoki sotib oluvchi boʻlgan, oʻzaro raqobatlashmayotgan subyektlarning kelishib olingan harakatlari natijasida raqobatning cheklanishi boʻyicha ishlar talab darajasida amalga oshirilmagan.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan iqtisodiyotda raqobat muhitini yaratish va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashda Senatning tegishli qoʻmita va boshqarmasi bilan hamkorlikda ish olib borilishiga kelishib olindi.

Bundan tashqari, Qoʻmita faoliyatini ish samaradorligini oshirish, xorijiy tajribani puxta oʻrganib, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?