Ramazon saboqlari: Rasullullohga salavot aytishning fazilati

21:13 22 May 2020 Jamiyat
122 0

Muborak Ramazon oyining ham uchinchi oʻn kunligi ham yakun topmoqda. Bu — bandaning doʻzax azobidan saqlanishlik uchun gunohlari magʻfirat etilishini Alloh subhonahu va taolodan sidqidildan soʻraydigan kunlardir.

Kechalari bedor boʻlib Yaratganni zikr qilishlik Qadr kechasi savobini topishlikka sabab boʻladi. Biroq, bandaning Allohga iltijosi qabul boʻlishining shartlari ham mavjud. Uni bajarish uchun kishi doimo salavot va istigʻforda, zikrda yurishi kerak. Zero, barcha allomalar shu yoʻlni tanlashgan. Buning oʻziga xos jihatlari mavjud. Quyida ana shu mezonlar haqida toʻxtalamiz.

Qurʼoni Karimning “Ahzob”surasidagi 56-oyatida bunday deyiladi:

“Albatta, Alloh va Uning farishtalari paygʻambarga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar, siz ham unga salavot ayting va salom yuboring” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri Hilol”).

Musulmon ummati bu buyruqqa doim boʻysungan. Kishilik jamiyatida sodir boʻladigan tabiiy ofatlar, iqtisodiy inqirozlar tufayli aholi oʻrtasida yuzaga keluvchi kambagʻallik qatlami har bir zamonda Kalom va muqaddas sunnatning barakoti bilan bartaraf etilib, barcha muammolar oʻz yechimini topgan.

Allohni zikr etish va Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallamga salavot yoʻllashning fazilati haqida bir qator hadislar mavjud.

Abdulloh ibn Maʼsud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallolohu alayhi vasallam aytdilar:

“Qiyomat kunida insonlarning menga eng yaqini menga eng koʻp salavot aytganidir”.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallolohu alayhi vasallam bunday dedilar:

“Kimki menga bir salavot aytsa, u tufayli Alloh unga oʻn salavot yozgaydir”

Abdulloh ibn Maʼsud raziyallohu anhu rivoyat qiladi:

“Men namoz oʻqiyotgan edim, janob Nabiy sallollohu alayhi vasallam shu yerda edilar. Hazrati Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumolar ham u kishi bilan birga edilar. Oʻtirgach, Allohga sano aytish bilan boshladim, keyin paygʻambar sallollohu alayhi vasallamga salavot aytdim, keyin oʻzim uchun duo qildim. Shunda hazrati Paygʻambar sallollohu alayhi vasallam: “Tilayver, (tilagan narsang) senga berilgaydir! Tilayver, (tilagan narsang) senga berilgaydir! dedilar”.

Guvoh boʻlganimizdek, Nabiy sallollohu alayhi vasallamga salavot yoʻllashlikning fazilati yuksakdir. Ayniqsa, buni Allohning rahmati va magʻfirati yogʻilib turgan muborak Ramazon kunlarida bajarishlik kishilar uchun tengsiz ajrga ega.

Buning uchun qalbimizda Allohga va Uning Rasuliga ixlosu muhabbat boʻlsa bas!

Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon barakotini, kengchiligini ato qilsin!

Qalblarimizni salavot nuridan bahramand etsin!

Shodiyor MUTAHAROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom

akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?