Ramazon hayitini hammamiz oʻz xonadonimizda nishonlaymiz

19:21 22 May 2020 Jamiyat
711 0

Yakunlanib borayotgan muborak Ramazon oyi biz uchun xayrli ishlar, savob amallar, ezgu niyatlar uchun qulay fursat boʻldi. Qutlugʻ kunlarda xalqimiz saxovatga shoshildi, xususan Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar va faollar ham ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzishda ibrat koʻrsatmoqdalar.

Har yili bu shukuhli kunlarni masjidlarda jamoat boʻlib ibodat qilish, yaqinlarimizdan xabar olish, yurtimizdagi xushmanzara va soʻlim goʻshalarda hordiq chiqarish bilan oʻtkazardik. Bu yilgi Ramazon oyida esa pandemik karantin holati davom etmoqda va mavjud tartib-qoidalarga amal qilish oʻta zarurdir.

“Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida mamlakatimizda 2020-yil 24-may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanishi belgilandi. Ramazon hayitini bayram qilish, bu vaqt davomida uyida mehmon kutish va mehmonga borish xalqimizda anʼanaga aylangan.

Yurtmizda sinovli kunlar boshlangach, har bir fuqaro karantin qoidalariga amal qilish naqadar dolzarbligini his eta oldi. Ramazon hayiti arafasida oʻzingiz va qarindoshlaringiz sogʻligiga eʼtibor berib, uyda qoling! Bayramni oʻz xonadoningizda, oila davrasida, oʻzaro ahillik va hamjihatlik bilan oʻtkazing. Duolaringizda el-yurt salomatligi, yurtimiz farovonligini yodga oling. Sinovli kunlar yakun topishiga oz qoldi!

#Biz_Ramazon_Hayitini_Uyda_Oʻtkazamiz

Narimon Umarov,
“Adolat“ SDP Siyosiy kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?