Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

18:00 20 Fevral 2019 Hujjatlar
559 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirish, qurilish materiallari sanoatini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etishni ragʻbatlantirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish va eksport hajmini kengaytirish, tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida:

1. Qurilish materiallari sanoati korxonalari, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

Oʻzbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi) tashkil etish;

“Oʻzqurilishmateriallari” AJning boshqaruv organlari yigʻilishlarida uning xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari (ulushlari) paketlarini 1-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish orqali jamiyatni tugatish masalalarini koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

a) qurilish materiallari sanoatining ixtiyoriy asosda kiruvchi korxonalari “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining aʼzolari hisoblanadi;

b) “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi uyushma taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan tasdiqlanadi;

v) “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining raisi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi taqdimnomasi boʻyicha uyushma taʼsischilarining umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi;

g) “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasini joriy taʼminlash

va uning faoliyatini moliyalashtirish uyushma aʼzolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

d) quyidagilar “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi aʼzolari manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni taʼminlash, shuningdek, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha ularga takliflar kiritish;

yuqori qoʻshilgan qiymatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qoʻshma ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni oʻzlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlik qilish;

talab etilayotgan sifatli mahsulot ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, ichki bozorni import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh qurilish materiallari hamda mahalliy ishlab chiqarilgan buyumlar bilan toʻldirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi aʼzolari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

hududlarning salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollaridan, xomashyo bazasi, infratuzilmalar, mehnat va boshqa resurslar hamda bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda korxonalarni joylashtirishga koʻmaklashish.

3. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvarga qadar korxonalarning shartnomalar boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga toʻlanadigan ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.

4. 2019 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiqnoruda foydali qazilmalar mavjud boʻlgan yer qaʼri uchastkasidan geologik oʻrganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn kundan oshmagan muddatda beriladi.

5. Sanoat koʻlamida oʻzlashtirish uchun investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb etiladigan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ning roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi bilan birgalikda salohiyatli, shu jumladan, xorijiy investorlarni mazkur qarorning 5-bandi bilan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ni oʻzlashtirishga jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

7. “Oʻzqurilishmateriallari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari roʻyxatiishlab chiqilganligi va unda quyidagilar nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

2019-2021 yillarda umumiy qiymati 1,3 milliard AQSH dollari, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga 692 million AQSH dollari miqdorida amaldagi korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda yangi korxonalar barpo etish boʻyicha 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish;

2021 yilga sement ishlab chiqarish quvvatlari hajmlarini 17 million tonnaga, arxitektura-qurilish oynasini – 32 million kvadrat metrga, yogʻoch-qipiq plitasi (DSP)ni – 380 ming kub metrga, gaz-beton bloklarini – 700 ming kub metrga, gulqogʻozlarni – 4,5 million rulonga, koʻp qavatli uylar qurilishi uchun yirik panelli temir-beton buyumlarini – 180 ming kvadrat metrga yetkazgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 aprelga qadar ushbu bandda belgilangan Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari roʻyxatini, shuningdek, ularni amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini (“yoʻl xaritasi”ni) tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda ichki va tashqi bozorlarda qurilish materiallariga boʻlgan talab konʼyunkturasini, shuningdek, chet el bozorlarining rivojlanish tendensiyalarini oʻrganish asosida yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan toʻldirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va joriy qilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzqurilishmateriallari” AJ va qurilish materiallari sanoati korxonalarining “QurilishmateriallariLITI” MCHJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi etib qayta nomlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin, quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Texnologik rivojlanish agentligi, “Oʻzstandart” agentligi hamda qurilish sanoatining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajriba va respublikaning xomashyo salohiyatini inobatga olgan holda yangi qurilish materiallari va ulardan foydalanish texnologiyalari ishlanmalarini tashkillashtirish; 

qurilish materiallarining yangi standartlarini faollashtirish va ishlab chiqish, shuningdek, qurilish tarmogʻida foydalaniladigan qoidalar toʻplamini ishlab chiqishda qatnashish;

ishlab chiqariladigan qurilish materiallari va buyumlarning barcha turlarini sertifikatlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda qurilish materiallari sanoatining talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarga taʼlim berish yuzasidan oʻquv rejalari va innovatsion oʻquv kurslarini ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy oʻquv-metodik adabiyotlar va qoʻllanmalarni tayyorlash;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish, mutaxassislarning stajirovkasini, shu jumladan, xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlarida stajirovkasini oʻtkazishni tashkillashtirish;

ishlab chiqarishga moʻljallangan mashinalar, asbob-uskunalar va texnik tizimlar, sanoat obyektlari, shuningdek, energetika va muhandislik infratuzilmasi obyektlarining texnik auditi, energiya auditi, diagnostikasi va ekspertizasini oʻtkazish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

2018 yil yakuniga koʻra “Oʻzqurilishmateriallari” AJning sof foydasini uning 20 foizini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga dividendlarni toʻlashga yoʻnaltirgan holda taqsimlanishini;

tugatilayotgan “Oʻzqurilishmateriallari” AJning asosiy vositalari, uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ajratmalari boʻyicha yuzaga kelgan debitor qarzdorlik, jamiyatning “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ hamda “Togʻ geologiya jamlama ekspeditsiyasi” MCHJ ustav kapitallaridagi ulushlari, shuningdek, aksiyadorlarga berilishi kerak boʻlgan hamda tugatish jarayoni yakunlanganidan keyin qoladigan jamiyatning pul mablagʻlarini “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga begʻaraz oʻtkazishni;

“UKM Trans avto” MCHJni keyinchalik uning avtotransport vositalarini begʻaraz “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga topshirgan holda tugatishni taʼminlasin.

11. Quyidagilarga:

iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayevga – investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish;

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqovga – qurilish materiallari sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, tarmoqqa investitsiyalarni, birinchi navbatda, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, eksportga moʻljallangan mahsulot chiqarishni kengaytirish maqsadida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori N.S.Joʻrayevga – xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi, shu jumladan, ushbu qarorga muvofiq “Oʻzqurilishmateriallari” AJdan qabul qilinadigan davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini samarali boshqarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Tafakkur koʻchasi, 68-A uy manzili boʻyicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 20 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?