Quyi Chotqol GES qurilishi boshlandi (+video)

09:30 25 Avgust 2019 Jamiyat
90 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bilan respublikamizning tabiiy suv oqimlari va suv xoʻjaliklari obyektlarida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiyaviy loyihalar roʻyxati tasdiqlangan. Roʻyxatga koʻra, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chotqol daryosida ham gidroelektrostansiya qurish belgilangan edi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, Quyi Chotqol GES “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi asosida qurilayotgan boʻlib, uning loyihasi “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan.

Loyiha boʻyicha kapital qoʻyilmalar hajmi 125 487,33 ming yevroni tashkil etib, ulardan 47 631,17 ming yevro miqdoridagi mablagʻni asosiy gidrokuchlanishli va yordamchi asbob-uskunalarni xarid qilish uchun yoʻnaltirish belgilangan. Buyurtmachining qolgan xarajatlari 8 995,57 ming yevroga baholangan. Shuningdek, qurilish-montaj ishlari uchun 688 860,59 ming yevro ajratish rejalashtirilgan.

GESning ishga tushirilishi muhandis-texnik ixtisoslikka ega boʻlgan 39 nafar kishini ish bilan taʼminlash imkonini beradi.

Kuni kecha ushbu GESni qurish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Gidroenergetika sohasi faxriylari, “Oʻzbekgidroenergo” AJ rahbariyati, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida GES poydevoriga birinchi gʻisht qoʻyildi.

Yangi inshoot 60 oy davomida, yaʼni 2019-2023-yillarda qurilib, ekspluatatsiyaga topshirish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarga qaraganda, yangi GES ishga tushirilgach, uning mamlakat ichki yalpi mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 25 477,8 ming yevroni tashkil qiladi va 100 mingga yaqin uy xoʻjaligini elektr energiya bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

GESda har biri 19 MVt boʻlgan 4 ta gidroagregat oʻrnatish moʻljallangan. Inshootning oʻrnatilgan quvvati 76 MVt boʻlib, yillik oʻrtacha elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 282,0 mln. kVt.s ga teng. Uning asosiy asbob-uskunalari normativ muddatlarga koʻra 40 yilgacha xizmat qilishi mumkin, amalda esa ular 80 yilgacha ham ishlaydi. Shuningdek, GESning toʻliq ishga tushirilishi 91,28 mln. m3 gacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Inshoot gidrologik rejimga taʼsir qilmaydi va gidrobiologik obyektlarga zarar yetmaydi hamda atrof-muhit va tabiat oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatmaydi.

Ushbu GES qurilishi va ishga tushirilishiga sarflangan xarajatlar investitsion davrni hisobga olmaganda, 6 yilu 2 oyda qoplanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Quyi Chotqol GES issiqlik elektrostansiyalariga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:

- kun davomida elektr energiyaga talab keskin oshgan davrda ham elektr energiyani yetkazib bera oladi;

- har yili 91 283,4 ming. m3 tabiiy gazni iqtisod qiladi;

- ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish, atmosferaga zararli chiqindilar chiqishini qisqaradi;

- ishlab chiqarilayotgan elektr energiya tannarxi nisbatan past, yaʼni issiqlik elektrostansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya narxidan 8-10 barobar arzon boʻladi;

- GES va uning asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qilishning texnik muddati nisbatan uzoq, issiqlik elektrostansiyalardan ikki barobar koʻproq muddatga xizmat qiladi;

- qayta tiklanuvchi, yaʼni suv energiyasi manbalaridan foydalaniladi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarishda GESlarning ishtiroki yildan yilga oshib bormoqda va bugungi kunda ularning ulushi 15 foizni tashkil qilmoqda.

Gidroenergetika sohasida boshlangan izchil islohotlar hamda jadal surʼatlarda olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari aholi va sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondirishga xizmat qiladi. Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, yangi bunyod etilayotgan GESlar energiya manbai boʻlish bilan birga, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga ham zamin yaratadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?