Qudratillo Abduqahhorovdan WBC Silver kamari olib qoʻyildi

11:24 12 Oktyabr 2018 Sport
719 0
Foto: Sportal.uz

Professional boksning yarim oʻrta (-66,67 kg) vazn toifasida ringga chiqadigan oʻzbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov WBC yoʻnalishining ikkinchi darajali WBC Silver kamaridan mahrum qilindi. “Xalq soʻzi Online” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qudratilloning oʻzi bilan bogʻlandi.

«Ha, darhaqiqat hozir menda WBC Silver kamari yoʻq. Bunga sabab esa uni belgilangan vaqtda himoya qila olmaganim. Qoidaga koʻra, chempionlik kamariga ega boʻlgan bokschi uni olti oy davomida himoya qilish kerak. Shu bilan birga himoya janglari oraligʻi uch oydan kam boʻlmasligi kerak. Men belgilangan vaqtda bu kamarni himoya qilmadim. Natijada WBC Silver vakant boʻlib qoldi. Aniqroq aytganda oʻzimiz undan voz kechdik.

Murabbiylarim bilan maslahatlashib, bir yoʻla asosiy WBC kamariga harakat qilishga kelishib oldik. Chunki WBC Silverʼni uch marta himoya qildim. Endi olgʻa borish kerak. Shunga oltin kamar uchun harakat qilishga qaror qildik. Shuning uchun ham Silver kamarini himoya qilishga ortiqcha eʼtibor qaratmadik.

Ikki oydan oshiqroq vaqt davomida Amerikada shugʻullandim. Bu yerda juda koʻplab bokschilarga aloqaga chiqdik. Lekin negadir ular men bilan ringga chiqishni istashmadi. Toʻgʻrisini aytsam, jang boʻlmayotganidan zerikib ham ketdim. Mana ikki kun oldin Malayziyaga qaytdik. Shu yerda mashgʻulotlarni davom ettiryapmiz. Xudo xohlasa tez orada ringga chiqishga umid qilyapman», deya gapirib oʻtgan Abduqahhorov “Xalq soʻzi Online” muxbiri bilan suhbatda.

Maʼlumot uchun, Abduqahhorov WBC Silver kamarini ilk marta 2017 yil fevral oyida boʻlib oʻtgan ugandalik Sharles Manyushiga qarshi jangda raqibini nokautga uchratgan holda qoʻlga kiritgandi. Soʻnggi marta u titulini 2018 yil 17 mart kuni vengriyalik Laslo Totga qarshi jangda himoya qilgandi. 5 may kuni “Oʻzbekiston“ sport majmuasida boʻlib oʻtgan Tvaka Kidukuga qarshi jang kamarni himoya qilish muddati uch oyga yetmagani bois, reyting jangi sifatida oʻtkazilgan.

Eslatib oʻtamiz, Qudratillo Abduqahhorov professional boksda 15 jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba (9 nokaut) qozongan. Ayni vaqtda sportchi WBC reytingida 3-oʻrinda bormoqda. Shuningdek, u IBF reytingida toʻrtinchi, WBO reytingida esa 12-oʻrinda bormoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?