“Qovun tushirgan” yangi vazir isteʼfoga chiqdi

16:53 28 Oktyabr 2019 Dunyo
336 0

Yaponiyaning yangi savdo vaziri Sugavara saylov haqida mamlakat qonunini buzgani uchun isteʼfoga chiqqan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, vazir oʻz saylov mintaqasidagilarga qimmat qovunlar, apelsin va baliq ikrasini tuhfa qilgan.

Bundan tashqari, u bir oilaga taʼziya bildirib, qariyb ikki yuz dollar bergan.

Yaponiya saylov qonuni siyosatchilarni bu kabi hadyalar qilishini taqiqlaydi.

Avvaliga haftalik jurnalda Sugavaraning kotibi u saylangan mintaqada yaqinini yoʻqotgan bir oilaga qariyb 200 dollar “taʼziya puli” taklif qilgani haqida yozildi.

Zotan, Yaponiyada azador oilaga pul berish anʼana sanaladi.

Ayni jurnalda vazirning boshqa hadyalari suratlari ham bosildi.

Sugavara saylov qonunini buzganmi-yoʻqmi, bu masalani hamon oydinlashtirayotganini aytar ekan, ayni vaqtda isteʼfo berganini jurnalistlarga tasdiqlagan.

“Men bu muammolarim bilan parlament ishini sekinlashtirib qoʻyishni istamadim”, deb aytgan sobiq vazir.

Bosh Vazir Shinzo Abe ham masalaga aralashgan.

“Uni ayni vazifaga tayinlaganman. Bu mening boʻynimdagi masʼuliyatdir. Yaponiya xalqidan qattiq uzr soʻrayman”, deb aytgan Yaponiya Bosh vaziri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?