Qoʻshni davlatda kuchli portlash roʻy berdi

19:02 01 Iyul 2019 Dunyo
1677 0

Afgʻoniston poytaxtining diplomatik tumanida kuchli portlash roʻy berdi, kamida 10 kishi halok boʻldi, taxminan 65 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Reuters.

Jabrlanganlar orasida bolalar ham bor.

Afgʻoniston IIV matbuot kotibi Nasrat Rahimiyning maʼlumotiga koʻra, portlash bugun Kobulning eng gavjum tumanlaridan birida tigʻiz paytda, mamlakat mudofaa vazirligi binolaridan birining yaqinida sodir etilgan.

Mahalliy xavfsizlik xizmati vakillarining aytishlaricha, mudofaa vazirligi muhandislik boshqarmasi yaqinida yuk mashinasi portlagan. Shu zahoti binoga uch nafar jangari bostirib kirgan, otishma boshlangan.

Fojia qurbonlari va jabrlanganlariga oid raqamlarni “Al-Jazira” telekanali ham tasdiqlagan.

“Sinxua” agentligi esa halokat natijasida 34 kishi hayotdan koʻz yumgani, 68 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.

Hodisa joyi oʻrab olingan, politsiya va maxsus xizmat xodimlari ish olib boryapti. 

Hozircha birorta terrorchilik guruhi ushbu voqea uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan.

Kobulning ushbu hududida qator harbiy va hukumat idoralari, shuningdek, Afgʻoniston Futbol federatsiyasi ham joylashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?