Qoraqalpogʻistonda Navoiy davlat Konchilik institutining Nukus filiali ochiladi

16:16 12 Iyun 2019 Jamiyat
171 0

Mamlakatimiz rahbarining topshirigʻi hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-noyabrdagi “Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi koʻra asos solingan mazkur oliy taʼlim muassasasi joriy oʻquv yilidanoq oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu haqda Navoiy kon metallurgiya kombinati davlat korxonasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Shuningdek, “Ijtimoiy soha: inson manfaatlari eʼtibor markazida”, deb nomlangan mazkur anjumanda jurnalistlarga korxona tomonidan yil dasturi ijrosi boʻyicha batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, NKMK tomonidan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida 55,6 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, shu kunga qadar uning 41,3 milliard soʻmi, yaʼni 75 foizi oʻzlashtirilganligi taʼkidlandi. Natijada Zomin tumanida 150 oʻrinli zamonaviy sanatoriy foydalanishga topshirilib, NKMK Markaziy kon boshqarmasining Tomdi tumanidagi mehmonxonasi bazasida Zarafshon shahridagi “Shodlik” mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun barcha sharoitlarga ega “Bolalar shaharchasi”, shahar markazida “Favvoralar alleyasi”ning ikkinchi bosqichi, Uchquduq shahrida esa sunʼiy koʻl va boshqa muhim ijtimoiy soha obyektlarida bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

-Yil dasturi doirasida korxonamiz ishchi-xizmatchilari, ayniqsa yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan, - deydi NKMK Bosh direktorining umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Nazirbek Rahmonov. – Shu maqsadda joriy yil dasturi asosida 652 nafar ishchi-xizmatchilarimizning uy-joy sharoitlarini yaxshilashlari uchun 13 milliard 735 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, boshlangʻich badal toʻlovlari toʻlab berildi. Bundan tashqari Qizilqum hududida istiqomat qilayotgan xoin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida Zarafshon shahri, Uchquduq,Tomdi, Nurota, Konimex tumanlarida tikuv fabrikalari tashkil etilib, ikki mingga yaqin ish oʻrinlari tashkil etildi.

NKMKning yil dasturida hudud imkoniyatlaridan keng foydalanish, xususan,innovatsion loyihalar asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻyishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Chunonchi, kombinat tasarrufidagi “Doʻstlik” agrofirmasining Qoʻshrabot tumani uchastkasida 250 gektar uzumzor va 50 gektar yongʻoqzor tashkil etayotgani hamda oʻsha yerning oʻzida goʻsht yetishtirishga ixtisoslashgan boʻrdoqichilik majmuasi, Taxiatosh tumanida parrandachilik fabrikasi, Tomdi tumanida mayda shoxli mollar majmuasiga asos solingani shular jumlasidandir.

- Yil dasturida Kombinat ishchi-xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasi, maroqli dam olishlari, salomatligini tiklashlariga alohida oʻrin berilgan, - dedi matbuot anjumanida NKMK Kasaba uyushmalari Kengashi raisi Isroil Rahmatov. – Joriy yilgi mavsumda korxonamiz tasarrufidagi bolalar yozgi dam olish oromgohlarida 10 ming nafardan ortiq oʻgʻil-qiz yozgi taʼtilni soʻlim tabiat qoʻynida oʻtkazishadi. Ularning 93 nafarini Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, 165 nafarini esa choʻl hududi tumanlarida istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan oilalar farzandlari tashkil etadi. Bundan tashqari korxonamizda uzoq yillar ishlab, shu kecha-kunduzda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida sanatoriylarga 687,4 million soʻmlik imtiyozli yoʻllanmalar ajratildi.

Endi bevosita NDKI institutining Nukus filiali bilan bogʻliq yangiliklarga qaytsak, unga 2019/2020 oʻquv yilida 50 ta bakalavr, shu jumladan 25 ta konchilik ishi va 25 ta kimyoviy texnologiya yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabul qilinishi koʻzda tutilgan. 

- Filial faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” asosida hozirgi kunga qadar boshqaruv va ishchi xodimlari tarkibi belgilangan shtat jadvallari asosida shakllantirildi, -deydi uning direktori, texnika fanlari doktori Fazliddin Xudoyberdiyev. -Shuningdek u Nukus shahri, Qoraqalpogʻiston koʻchasi 24-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirildi.

Nukus filialining yangidan tashkil etilganligi natijasida professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirishga boʻlgan ehtiyoj xorijdan malakali oʻqituvchilarni jalb etish, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va oʻqishga yuborishni yoʻlga qoʻyish orqali hal etiladi.

Filialimizda xorijiy talabalarni oʻqishga jalb etish yoʻlga qoʻyilmagan. Xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun qoʻshni Turkmaniston va Qozogʻiston davlatlaridan talabalarni oʻqishga jalb etish orqali masala hal etishga erishiladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislarning javobini olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?