Mavsumga tayyorgarlik: hammasini vaqt koʻrsatadi. Qor osmonda qishlamaydi...

16:28 02 Oktyabr 2018 Jamiyat
943 0
Illyustrativ foto

Koʻkda paydo boʻlayotgan oqpar bulutlar kuzning quyoshli kunlari gʻanimat ekanligini esga solayotgandek. Zero, bu ona tabiatning ostonada qahraton payt poylab turganiga bir ishorasidir. Keksalar taʼbiri bilan aytganda, endi soviy-soviy qish keladi. Dono xalqimiz bejiz “Sunbuladan keyin suv sovuq, mezondan keyin kun sovuq”, demagan.

Hisobdonlarning kuzatishicha, bu yil saratonning tafti baland boʻldi. Demak, qahratonning ham qahri qattiqlashishi ehtimoli yoʻq emas. Shuning uchun sinov mavsumi — qishga puxta hozirlik koʻrish, ayni kunlarning har damidan oqilona foydalanish zarur.

Odatda, xalqimiz qish gʻamini yozda koʻradi. Axir mavsumning betalafot, koʻngildagidek oʻtishi bugungi saʼy-harakatlarga bogʻliq-da. Shu bois Prezidentimizning joriy yil 12 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2018/2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu gal ham barcha jabhada taraddud tadbirlariga barvaqt kirishildi.

Xoʻsh, belgilangan vazifalar ijrosi, bajarilgan ishlar sifati qanday?

Mavsumga tayyorgarlik: hammasini vaqt koʻrsatadi

Kommunal sohaning nainki aholi turmush darajasi, balki jamiyatdagi ijtimoiy muhitga ham taʼsiri gʻoyatda katta. Shu bois mazkur tarmoqning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, bunday xizmatlar koʻrsatish boʻyicha zamonaviy bozor mexanizmini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimizda uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishning mutlaqo yangi tizimi shakllandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017 yilda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tashkil etilgani bu boradagi muhim qadam boʻldi.

Mazkur vazirlik maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda yurtimizda 4 mingdan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyat yuritayotgan boʻlib, ular tomonidan 32,4 mingdan ortiq koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatilmoqda. Shirkatlar ishiga kuz-qish mavsumiga koʻrilgan tayyorgarlik, umumiy foydalanish maydonlarining obodligiga qarab haqqoniy baho berish mumkin.

Yashirishning hojati yoʻq, shu paytgacha kommunal xizmat sohasidagi muammolar aholi, ayniqsa, koʻp qavatli uylarda istiqomat qilayotgan odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi. Ayniqsa, qish faslida oxirgi qavatdagi xonadonlar egasi tomdan chakka oʻtishidan aziyat cheksa, pastki qavatdagilar zax va yertoʻladan anqiydigan badboʻy hiddan nolishardi. Bundan tashqari, issiq va sovuq suv tarmoqlaridagi nosozliklar, isitish tizimidagi kamchiliklar oddiy holga aylanib qolgan edi.

Bu yil-chi? Yogʻin-sochinli kunlar boshlanishi bilan yana eski manzaralar qayta jonlanadimi? Mavsumning koʻngildagidek oʻtishi uchun qanday chora-tadbirlar koʻrilyapti? Jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar, tijorat banklari taqdim qilayotgan kreditlar evaziga suv va issiqlik taʼminoti, kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish yuzasidan amaliy ishlardan koʻngil toʻladimi?

Savollarga javob olish uchun “Uyjoykomxizmat” vazirligi mutasaddilariga murojaat qildik.

— Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, bugun barcha ishlar shu asosda olib borilyapti, — deydi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov. — Bu jarayonda, avvalo, oʻtgan mavsumda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilindi. Eng asosiysi, aholidan tushgan murojaatlarga binoan, respublikada mavjud 33 mingga yaqin uy-joy fondlari holati toʻliq oʻrganildi. Uning natijalariga koʻra, dalolatnomalar, chora-tadbirlar, manzilli dasturlar hamda tarmoq jadvallari tuzildi. Bundan koʻzlangan maqsad koʻp qavatli uy-joy fondini mavsumga barqaror tayyorlash, taʼmirlash ishlarini sifatli bajarish, shirkatlar faoliyatini jonlantirishdir.

Taʼkidlash kerakki, shu yilning 22 sentyabrida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida Respublika shtabi tashkil etildi. Tarkibida mutasaddi vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari masʼul xodimlarini jamlagan mazkur shtab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish ishlarini barcha yoʻnalish boʻyicha belgilangan muddatda sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat qilib boradi.

Koʻp xonadonli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga barqaror tayyorlashga doir dasturga muvofiq, oʻtgan davrda 7 ming 657 ta turarjoyning 5 ming 600 dan ortigʻi joriy va mukammal taʼmirlangan boʻlsa, qolganida bu boradagi yumushlar izchil davom ettirilmoqda.

Boshqacha aytganda, mamlakatimizda joriy yilning 24 sentyabr holatiga koʻra, koʻp qavatli uy-joylarning 3 million kvadrat metrdan ortiq tom qismi mukammal va joriy, shuningdek, 4038 ta koʻp qavatli uy-joyning ichki muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, 3455 ta koʻp qavatli uy-joyning fasad qismi, 393 ta lift taʼmirlandi. Bundan tashqari, koʻp xonadonli uylarga tutash hududlarda 758 ta bolalar maydonchasi barpo etildi. Yana 1,2 mingta shunday maydoncha taʼmirlanib, 85 ming pogon metr irrigatsiya tizimi soz holatga keltirildi, 453 ming kvadrat metr yoʻlaklar (trotuar) beton qorishmasi bilan qoplandi, koʻp qavatli uylarning 387 ta tashqi yoritish uskunalari taʼmirlandi. Bu kabi yumushlarning oʻz vaqtida ado etilishida tijorat banklari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 418,4 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilgani ayni muddao boʻlmoqda.

Mavsumga tayyorgarlik asnosida respublika boʻyicha oʻrganilgan 10 mingdan ortiq koʻp qavatli uy-joylarda aniqlangan 9 ming 563 ta noqonuniy barpo etilgan obyekt sektorlar koʻmagida buzilyapti. Shu paytga qadar hudud qiyofasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, xavfsizlik talablariga mutlaqo mos kelmaydigan qurilmalarning 88 foizi olib tashlangan boʻlsa, qolgan qismini majburiy tartibda buzdirishga oid daʼvo arizalari sudlarga taqdim etilgan.

— Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida koʻlami jihatidan nihoyatda katta boʻlgan ishlar bajarilmoqda, — deydi N. Nazirov. — Lekin ularning samarasi, xizmat koʻrsatish sifati yaxshilanishikoʻp jihatdan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining real ahvoli, moddiy-texnika bazasining mustahkamligiga ham bogʻliq. Shu bois vazirligimiz tomonidan tijorat banklari ishtirokida shirkatlar ish faoliyatini yaxshilashga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Masalan, Toshkent shahrida 2243 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati oʻrganilganda, ular orasidan 28 tasining faoliyati qoloq ekanligi maʼlum boʻldi. Birinchi navbatda, mazkur shirkatlarning ahvolini oʻnglash maqsadida alohida moliyaviy va iqtisodiy sogʻlomlashtirish dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilinyapti. Buning natijalari joriy mavsumda, albatta, koʻzga tashlanadi.

Tabiiy-iqlim sharoitimizga koʻra, mamlakatimizda qish u qadar qattiq kelmaydi. Sovuq kunlar ham uzoq davom etmaydi. Shunday boʻlsa-da, har mavsumda aholining katta qismi isitish tizimi koʻngildagidek ishlamasligidan arz-hol qiladi. Bu iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlari uchun ham begona emas.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi mutasaddilarining aytishicha, bu kabi salbiy holatlarning oldini olishga jiddiy kirishildi. Yaʼni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalaridagi mavjud qozonxona xoʻjaligi texnik talablarga mosligi toʻliq oʻrganib chiqildi. Pirovardida 7 ta markaziy, 3 ta lokal qozonxona hamda 32 ta qozonda mukammal, shuningdek, 70 ta markaziy, 40 ta lokal qozonxona va 831 qozonda joriy taʼmirlash ishlari rejalashtirib olindi. Bu yumushlar qogʻozlarda qolib ketmasligi uchun kunlik monitoring qilinayotgani diqqatga sazovordir.

Samarasi qanday deysizmi? 2018 yil 24 sentyabr holatiga koʻra, 45,6 kilometr issiqlik tarmoqlari mukammal taʼmirlangan boʻlsa, 45 ta markaziy qozonxona, 36 ta lokal qozonxona,825 ta qozon kapital va joriy taʼmirlandi. Bundan tashqari, 799 kilometrlik issiqlik tarmoqlari joriy taʼmirlandi, 81,9 kilometrlik issiqlik tarmoqlari izolyatsiya qilindi. Tijorat banklarining 10,5 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlari hisobiga koʻp qavatli uylardagi 7261 xonadonga ichki isitish qozonlari oʻrnatildi.

Chindan ham, bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal tus olgan. Ularning qanchalik sifatli, pishiq-puxta bajarilganligini esa vaqt koʻrsatadi.

Xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, qor osmonda qishlamaydi. Ostonada tabiatning injiq mavsumi eshik qoqib turibdi. Uning har bir kuni — sinov. Qish faslini betalafot oʻtkazish esa uning “imtihon”lariga qanchalik puxta hozirlik koʻrilganiga bogʻliq. Buni nafaqat mutasaddi idoralar masʼullari, balki har birimiz bir zum boʻlsa-da, yoddan koʻtarmasligimiz, tadorikni puxta qilishimiz kerak. Ana shunda qish oʻchogʻi tor boʻlib qolmaydi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?