Qirgʻizistonga yana bir turdagi mahsulotlar eksporti yoʻlga qoʻyildi

11:54 09 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
227 0

Foto: O'zA

Yil boshida poytaxtimizda Yaponiyaning JTI kompaniyasi mablagʻlari hisobidan aksizosti tovarlari ishlab chiqaruvchi fabrikaning uchinchi ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgan edi. Natijada mahsulotlar turi koʻpayib, 30 taga yetkazildi. Germaniya, Fransiya, Gollandiyadan olib kelingan mazkur texnologiyalar koʻmagida tayyorlangan yuqori sifatli va yangi formatdagi mahsulotlar kuzga kelib Qirgʻizistonga eksport qilish boshlandi.

– Hozircha sinov tariqasida 7,5 million dona aksizosti mahsulotlarni yubormoqdamiz, – deydi “Taskent Tobacco” korxonasi direktori Poʻlat Saidov. – Joriy yil soʻngiga qadar 4,5 million dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Bundan bir necha kun avval OAV xodimlari va blogerlar ishtirokida qadoqlangan dastlabki eksport mahsulotlarini Qirgʻizistonga joʻnatish marosimi boʻlib oʻtgandi. Unda tadbirni yoritishga tashrif buyurgan bloger va OAV xodimlari qadoqlangan qutilarga oʻz dastxatlarini tushirish imkoniyatiga ega boʻlgan, shundan soʻng tovarlar Qirgʻiziston tomon yoʻlga chiqqandi. Oradan maʼlum muddat oʻtib, mazkur eksport tovarlari Qirgʻizistonning soʻlim Issiqkoʻl vodiysi joylashgan hududga yetib bordi. Dastlabki eksportga bagʻishlangan maxsus tadbirda oʻzbekistonlik bir qator blogerlar va OAV xodimlari ham ishtirok etishdi.

Tadbir davomida JTI kompaniyasining Qozogʻiston va Markaziy Osiyo boʻyicha bosh direktori Yevgeniy Nikolskiy ishtirok etib, yigʻilganlarga kompaniyaning faoliyati haqida taqdimot oʻtkazdi.

Nikolskiyga koʻra, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan korxona soʻnggi toʻqqiz oy davomida 800 million dona aksizosti tovar belgilarini ishlab chiqarilgan. Natijada keyingi ikki yilda korxona 150 milliard soʻm soliq toʻlab, davlat byudjetiga foyda keltirdi. Shuningdek, korxona 300 dan ziyod yangi ish oʻrinlarini yaratgan.

– Oʻzbekistonning iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyati oʻsib bormoqda, – deydi JTIning Qozogʻiston va Markaziy Osiyodagi bosh direktori Yevgeniy Nikolskiy. – Bu esa Oʻzbekistonda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv va mamlakat rahbariyatining qulay sarmoyaviy muhit yaratishga boʻlgan eʼtibori natijasidir. Bu borada bizning loyihamiz yaxshi misol boʻla oladi.

Ayni vaqtda loyihamizning umumiy investitsion hajmi 40 million dollarga teng. Yil oxiriga borib, yana bitta liniyani ishga tushirishni rejalashtirganmiz.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, jahon miqyosida asosiy guruhdagi tovarlarni markirovka qilishda xizmatlar narxi – 1000 birlikdagi mahsulot uchun – 5 yevrodan 25 yevrogacha baholangan. Zero, buning bajarilishi isteʼmolchi sifatida, sifatli mahsulot sotib olishning kafolat hisoblanadi. “Taskent Tobacco” korxonasi ham bu borada taxminan bir million dollardan koʻproq mablagʻ sarflashni rejalashtirgan.

Mahsulotlarini bugun sinov tariqasida birinchi marta eksportga chiqargan korxona kelgusida tovarlar turi va hajmini ham oshirishi niyatida ekani maʼlum qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?