Qashqadaryoda papayya — “qovun daraxti” ommalashmoqda

10:53 23 May 2020 Jamiyat
1086 0

Yurtimizning iqlim sharoitiga xos boʻlmagan tropik daraxtlardan biri — papayya keyingi yillarda qashqadaryolik issiqxonachilarning anʼanaviy ekin turiga aylanmoqda. Issiqxona sharoitida yaxshi hosil va daromad berayotgan bu oʻsimlik endi koʻpchilik dehqonlarni qiziqtirib qoʻydi va uni ommaviy yetishtirishga kirishilmoqda.

Gʻuzor tumanning Tugal qishlogʻida istiqomat qiluvchi Oʻrol Tursunovning issiqxonasi hozirgi paytda juda chiroyli tusga kirgan. Moʻjaz bogʻga kirgan kishining qaytib chiqqisi kelmaydi. Papayya uchun ajratilgan qariyb 2 sotix bogʻda yigirma tupga yaqin papayya daraxti gullab, hosilga kirgan.

— Issiqxona harorati plyus 10 darajadan yuqori boʻlganida papayya tinmay gullayveradi, — deydi Oʻrol Tursunov. — Hosiliyam yaxshi boʻladi. Faqat mehnatidan qochmaslik kerak. Issiq iqlimda oʻsgani bois issiqxona sharoitiga yaxshi moslashadi. Ammo kasallikka tez chalinib, birdan qurib qolish holatlari ham uchrab turadi. Shu bois bu oʻsimlikka oʻta eʼtiborli boʻlish talab etiladi. Qovun daraxti deb yuritiladigan bu oʻsimlikning dorivor xususiyati koʻp. Organizmning immun tizimini mustahkamlashda, ovqat hazm qilishni yaxshilashda, hatto bepushtlikda nafi katta. Yaxshi parvarish qilinsa, bir tupidan 100-200 donagacha meva beradi.

Papayya pishganida poʻsti oltin rangga kiradi, ichi esa zangori, mazasi va hidi yangi uzilgan qovunni eslatadi. “Qovun daraxti” deyilishi ham shundan. Maʼlumotlarga koʻra papayyaning mingdan ortiq navi boʻlib, qaysi mamlakatda oʻsishiga qarab nafaqat mevasining koʻrinishi, balki mazasi ham farq qilar ekan. Biroq ularni bir xususiyat birlashtirib turadi –salomatlik uchun foydalilik. Yuz gramm papayyada 26-74 kaloriyagacha energetik quvvat mavjud boʻladi. Tarkibida glyukoza, fruktoza, organik kislotalar, oqsil va turli vitaminlar serob. Oʻning oʻsimlik fermenti — papayyani xuddi oshqozon shirasiga oʻxshaydi.

Aytish joizki, keyingi yillarda tomorqada barpo etilayotgan issiqxonalarda usta tomorqachilar tomonidan mandarin va apelsin singari sitrus daraxtlar, palma daraxti, fikus gitara, va aleandra gullari ham yetishtirilyapti. Banan va kivi daraxtlari esa allaqachon ularning ijod mahsuliga aylanmoqda.

Ahad Muhammadiyev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?