Raqamlarni yashirishdan nima naf? Qashqadaryodagi toʻyda aslida necha kishi zaharlangan edi?

10:33 02 Oktyabr 2018 Jamiyat
3328 0
Illyustrativ foto

Muxbirimizning mazkur hodisa tafsilotlarini oʻrganganda raqamlar juda farq qildi.

Odamlar nimadan ommaviy zaharlandi?

Joriy yilning 30 sentyarb kuni Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 2018 yil 29 sentyabr kuni soat 21:25da olingan maʼlumotga asosan, joriy yilning 28 sentyabr kuni viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 16 nafar va 29 sentyabr kuni 7 nafar, jami 23 nafar fuqarolar ovqatdan zaharlanish “Oʻtkir gastroenterit” tashxisi bilan yotqizilganini xabar qildi. Xabarda izohlanishicha, ular joriy yilning 27 sentyabr kuni Qarshi shahridagi “Baxtli oila” toʻyxonasida toʻy marosimida turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlarini aralash isteʼmol qilishib, sogʻligidan shikoyat qilishgan.

Oradan bir kun oʻtib, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tomonidan yuqoridagi tashxis bilan yotqizilgan bemorlar jami soni 74 nafar (shundan 4 nafari 18 yoshgacha boʻlganlar, 10 nafar erkak va 60 nafar xotin-qizlar), shifoxonaga yotqizilganlar soni 72 nafar, uyiga javob berilganlar 2 nafarni tashkil etgani, yotqizilgan 72 nafar bemorning ahvoli oʻrtacha yengil holatda ekani maʼlum qilindi. Sogʻliqni saqlash vazirligi xabarida ular toʻy dasturxoniga tortilgan turli salatlarni isteʼmol qilib, zaharlangani aytib oʻtilib, aybdorlarga tegishli choralar koʻrilgani maʼlum qilingan.

Viloyatdagi muxbirimiz voqeani joyiga chiqib oʻrgandi. Surishtiruv davomida zaharlanish holati haqiqatdan ham Qarshi shahridagi “Baxtli oila” marosimlar uyida boʻlgan toʻyda ishtirok etganlar ekani aniqlandi.

Shifoxonadan maʼlum qilishlaricha, toʻy kunduzi soat ikkilarda boshlangan. Kechki soat 7 larga kelib, Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga “oʻtkir gastroenterit” tashxisi qoʻyilgan dastlabki bemorlar kela boshlagan.

Navbatchi shifokor Bahrom Shodiyevning aytishicha, xuddi shu shikoyat bilan shifoxonaga juda koʻp odam murojaat qilgan. Shu bois shifoxona toʻrt kundan beri kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

“Barcha jabrlanganlar kerakli muolajalar oʻtkazilmoqda, ularga zarur preparatlar berilmoqda. Jabrlanganlar orasida bolalar ham bor, ularning soni 25 nafar. Bolalarning ahvoli qoniqarli”, - deydi B. Shodiyev.

“Jiyanlarim 20 yoshli Yulduz va 17 yoshli Umidani toʻydan keyin uchratdim. Ular sogʻligʻidan shikoyat qila boshlashdi va biz darhol kasalxonaga bordik. Ularga oʻtkir gastroenterit va salmonellyoz tashxisi qoʻyildi. Kasalxonaga kelganda zaharlanganlar faqat ular emasligini bildik. Afsus quvonchli kun bunday voqea yoqimsiz hodisa bilan yakunlandi”, - deydi Marhabo Naimova.

Shifoxona bosh shifokori juda bandligi bois voqeaga izoh berish berishdan bosh tortdi. Biroq, qabul qilish boʻlimining hamshiralaridan biri Shahzoda Eshmurodovaning aytishicha, soʻnggi kunlari kasalxonaga 400 nafarga yaqin kishi xuddi shunday shikoyat bilan murojaat qilgan. Ularning hammasi ham shifoxonaga yotqizilmagan. Shifoxonaga qolishni istamaganlar, muolajalar va inyeksiyalarni qabul qilib, uyda davolanishga ketishgan.

“Baxtli oila” restorani Qashqadaryodagi eng yirik marosimlar uylaridan biri boʻlib, bir vaqtning oʻzida 600 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. 27 sentyabr kuni bu yerda oʻtkazilgan toʻy marosimida u mehmonlar bilan toʻla boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etildi, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida barcha zurur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?