Qarshi shahrida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar oʻz uyiga ega boʻldi

12:13 12 Dekabr 2019 Jamiyat
349 0

Dilorom Shodiyeva 2-guruh nogironi boʻlishi bilan birga farzandini yolgʻiz oʻzi tarbiya qilmoqda. Uyi yoʻqligi sabab koʻp vaqt ijarada yashashga majbur boʻlayotgandi. U uchun bunday kunlar ortda qoldi. Gap shundaki, u shinam va barcha qulayliklarga ega xonadonlardan birining sohibasiga aylandi.

Ha, oʻz uyi, boshpanasi yoʻq kishida halovat boʻlmasligi rost. Oramizda ehtiyojmand, kam daromadli oilalar ham borki, yashash uchun joy qilishga moddiy imkoniyati yetmaydi. Shu maqsadda yurtimizda kam taʼminlangan, nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan, ayniqsa, ogʻir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan oilalarga ijtimoiy koʻmak koʻrsatish, uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan tadbirda yuqoridagi fikr amalda yana bir bor oʻz isbotini topdi. Uzoq vaqt boshpanasizlikdan qiynalgan 50 nafardan ziyod xotin-qiz, nogironligi bor shaxslarga “Oʻzshahar qurilish invest” IK tomonidan qurib bitkazilgan arzonlashtirilgan koʻp qavatli uylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda soʻz olganlar ayni jabhada Prezidentimiz yuritayotgan siyosat mohiyati va hozirgi kundagi amaliy natijasi haqida fikr bildirishdi. Mehmonlar, jumladan, keng jamoatchilik vakillari guvohligida uyga egalikni tasdiqlovchi sertifikat va yangi xonadon kalitlari oʻz egalariga berildi. Tadbir asnosida mehmonlar koʻp qavatli uyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yangi xonadon sohiblarini qutlab, bu uylarda eng yaxshi damlarni oʻtkazishiga tilakdosh boʻlishdi.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Qarshi shahrida 3 yilda jami 35 ta koʻp kvartirali arzon turarjoylar bunyod etildi. Xususan, 2017-yilgi Dasturga muvofiq 7 ta 5 qavatli 315 xonadonli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilgan boʻlsa, 2018-yilda jami 14 ta 5 qavatli 630 xonadonli uy-joylar bunyod etildi. Joriy yilda 14 ta 7 qavatli 588 xonadonli uylar qurib bitkazildi.

Eʼtiborlisi, 50 nafardan ziyod xotin-qizga topshirilgan xonadonlar umumiy qiymatining 10 foizi davlatimiz tomonidan toʻlab berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?