Qaldirgʻochning soʻnggi parvozi

16:27 13 May 2020 Sport
552 0

Bugun biz soʻz yuritmoqchi boʻlganimiz — Vladimir Ivanovich Fyodorov 1955-yilning 5-yanvarida Toshkent viloyatida tugʻilgan. Otasi Ivan Fyodorov “millionlar oʻyini”ga ixlos qoʻygan, oʻzi ham yoshligida futbol oʻynagandi.Shu boisdan oʻgʻlidagi iqtidorni erta payqab, uni oʻsha paytdagi kolxoz futbol jamoasiga yetaklab borgandi. Bu yerda Vladimir I. Toshmuhammedov, V. Yatchenko, Ya. Aronovich singari murabbiylar qoʻlida saboq oldi.

1972-yilda trenerlar Vladimirni sobiq ittifoq oʻsmirlar terma jamoasi murabbiylariga tavsiya etishdi.Chunki yigitchaning maydondagi tezkor harakatlari, toʻp bilan ajoyib tarzda muomala qilishi har qanday kishining eʼtiborini oʻziga tortardi. Ashxobodda oʻtkazilgan xalqaro turnirda u birinchi marta oʻsmirlar terma jamoasi libosida maydonga tushdi.Xuddi shu yili “Paxtakor” oliy liga bilan xayrlashgani tufayli oʻz tarixida ilk bor mamlakat chempionati birinchi ligasida ishtirok etdi. Asosiy maqsad oliy ligaga qaytish edi, albatta. Jamoaning oʻsha paytdagi ustozi V. Solovyov tarkibga koʻplab yoshlarni jalb qildi.Ular orasida Vladimir Fyodorov ham bor edi. Murabbiy undagi katta isteʼdodni koʻrib, darhol asosiy tarkibga qoʻshdi.Permning “Zvezda” jamoasiga qarshi kechgan oʻyinda qahramonimiz ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi va raqib darvozasiga toʻp kiritdi. Bu gol jamoaga gʻalaba keltirdi.

Vladimir juda tezkor hujumchi edi. Oldingi chiziqda harakat qiluvchi futbolchi uchun bu yaxshi fazilat sanaladi. Undan tashqari, Vladimir maydonda pozitsiya tanlashni yaxshi bilardi.Aynan shu ikki fazilat evaziga u raqib himoyachilaridan oʻzib ketar, harakatlari muxlislarga bir olam quvonch ulashardi. Hujumni yakuniga yetkazish borasida ham u tengsiz edi. Ikkilanib turmasdi. Raqib himoya chizigʻini “yorib” kirishdan hayiqmasdi. Zamonaviy futbol, jumladan, oʻzbek futboliga nazar tashlasak, hozir bunaqangi hujumchilar barmoq bilan sanarli darajada ozligini koʻramiz. Koʻplab hujumchilarimizda dadillik, tashabbusni oʻz qoʻliga olish xususiyati, boshqacha aytganda, yaxshi maʼnodagi tajovuzkorlik yetishmaydi. Ular ilojsiz vaziyatga tushgan kabi toʻpni ortga — himoyachilarga qaytarib qoʻya qoladilar. Oqibatda fursat boy beriladi. Hujumni yana qaytadan boshlashga toʻgʻri keladi.

Vladimir esa tugʻma talant egasi edi. U oʻzining tezkorligi, ajoyib driblingi evaziga raqib himoyachilarini ortda qoldirib ketar, qoyilmaqom zarbasi bilan darvozabonlarni dogʻda qoldirardi. Ushbu maqola muallifi uning mamlakat terma jamoasi safida Vengriya terma komandasi darvozasiga kiritgan golini juda yaxshi eslaydi. Oʻshanda yurtdoshimiz toʻpni oʻz jarima maydonchasi yaqinidan qabul qilib olib, vengrlarning yetakchi oʻyinchisi Nilashini ortda qoldirgan, keyin oʻziga peshvoz chiqqan ikki himoyachini aldab oʻtgandi.Bu orada alamzada Nilashi Vladimirni quvib yetdi. Ammo hujumchimiz aldamchi harakat bilan uni yana ortda qoldirdi va darvozabonning yugurib oldingga chiqqanini payqab, toʻpni uning ustidan “parashyut” usulida tashlab qoʻydi. Ochigʻi, bunaqangi chiroyli gollarni hozir ham kamdan kam uchratasan, kishi.

Darvoqe, Vladimir mamlakat terma jamoasidagi dastlabki oʻyinini 1974-yilda Irlandiya terma jamoasiga qarshi oʻtkazgandi. Bungacha esa u yoshlar terma jamoasi safida Yevropa chempioni boʻlgandi. Umuman, 1974-yil V. Fyodorovning faoliyatidagi eng yaxshi davrlardan biri sanaladi. Oʻsha yili u ichki chempionatning eng kuchli 33 futbolchisi roʻyxatidan oʻrin oldi.1976-yilda ham xuddi shunday natijaga erishdi. Yana bir jihati, terma jamoaga kim bosh murabbiy boʻlishidan qatʼiy nazar u mamlakatning bosh komandasiga chaqiriq olardi. Bu ham uning mahoratiga tan berishganini koʻrsatadi, albatta.

Vladimir terma jamoa safida 18 ta oʻyin oʻtkazgan. Bundan tashqari, olimpiya terma jamoasi libosida 7 uchrashuvda maydonga tushgan. U 1976-yilda Monrealda boʻlib oʻtgan Olimpiada bronza medali sohibidir.

Futbol mutaxassislari Vladimirning “ikkinchi qavat”da ham yaxshi oʻynaganini, darvozaga tayyorgarliksiz aniq zarba yoʻllay olganini taʼkidlashadi.”Paxtakor” safida u turli turnirlarda 50 dan ziyod gol kiritdi.17 yoshidayoq jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.Bu uning oʻz ustida qattiq ishlagani, mehnatdan qochmagani, futbol sirlarini oʻrganishni kanda qilmagani dalolati, albatta. Aynan shu jihatlari bilan ham u hozirgi yosh futbolchilarga oʻrnak boʻla oladi.

Vladimirdagi yana bir yaxshi fazilatni alohida taʼkidlashni istardik. U qadrdon jamoasi “Paxtakor”ni yaxshi koʻrardi. Unga sodiq edi. Markazdagi yirik va nisbatan kuchli klublar uni oʻz saflariga taklif etishganida, qulay shart-sharoitlar yaratib berishni vaʼda qilishganida ham “Paxtakor”dan ketmagandi. ”Paxtakor uchun oʻynayman”, derdi u. Bugun – chi? Milliy chempionatimizda toʻp surayotgan ayrim futbolchilar oʻz jamoalarini xuddi qoʻlqopdek almashtirishayotgani ayni haqiqat. Kecha falon klub sharafini himoya qilgan bir futbolchini hayal oʻtmay boshqa bir jamoada koʻramiz. Oradan bir yil oʻtib, u yana bir boshqa klubda paydo boʻladi. Vaholanki, “Daraxt bir joyda oʻsadi”, degan gap bejiz aytilmagan. Bu borada ham ayrim futbolchilarimiz Fyodorovdan oʻrnak olishsa arziydi.

2002-yilda chop etilgan “Jahon futboli ensiklopediyasi”da “paxtakor”chi Vladimir Fyodorov haqida quyidagi soʻzlarni oʻqish mumkin: ”U mamlakatning yetmishinchi yillar ikkinchi yarmidagi eng talantli hujumchilaridan biridir”. Shu eʼtirofning oʻziyoq yuqoridagi fikrlarimiz asosli ekanini koʻrsatadi. Ammo beshafqat taqdir shunday mahoratli futbolchini oramizdan erta olib ketdi. 1979-yilning mashʼum avgustida “Paxtakor” jamoasi tushgan samolyot falokatga uchradi.Oʻzbek futboli oʻzining ajoyib vakillaridan ajralib qoldi.Ular orasida Vladimir Fyodorov ham bor edi.

Oʻshanda qahramonimiz atigi 24 yoshda edi. Futboldan ozgina boʻlsa-da xabari bor kishi yaxshi biladi: 24 – 30 yosh oraligʻi bu futbolchining eng gullab – yashnaydigan davridir. Binobarin, Vladimir Fyodorovning eng yaxshi oʻyinlari hali oldinda edi. Muxlislar Fyodorovning maydonda goʻyoki qush kabi uchishi, yengil harakatlar qilishini nazarda tutib, unga “Toshkent qaldirgʻochi” deb nom qoʻyishgandi. Afsuski, 1979-yilning 11-avgusti u uchun oxirgi parvoz boʻlib qoldi.

Xalqaro toifadagi sport ustasi Vladimir Fyodorov oʻlimidan keyin 2006-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?