Qadimiy qoʻrgʻonni qarovsizlikdan qutqaring!

16:46 26 Mart 2020 Madaniyat
175 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Avvalo, biz nazarda tutayotgan qoʻrgʻon tarixiga oid bir dalil. Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida qayd etilishicha, Vardona (Vardonze) katta bir qishloq boʻlib, muhandizga, katta va mustahkam hisorga ega. U qadim zamonlardan podshohlarning turar-joylari boʻlgan. Vardona Buxoro shahridan qadimiyroq. U yerda haftada bir kun bozor boʻlib, savdogarlar koʻp kelar edilar. Narshaxiy bu joydagi matoning sifatiga alohida urgʻu berib, “U yerdan chiqadigan narsa ham yaxshi xil “zandaniychi” boʻlgan”, deya yozib qoldirgan.

Koʻrinadiki, Vardonze qoʻrgʻonining tarixi olimlar tomonidan oʻtmishi 2500-yildan ziyod, deya eʼtirof etilgan Buxoro shahrinikidan ham qadimiy. Binobarin, qoʻrgʻon qoldiqlarining shu davrgacha yetib kelishining oʻzi taqdirning bir inoyatidir.

Yov bosib kelganda qoʻrgʻon aholisi yurtni mardonavor himoya qilgan. Tashqi dushmanlarga boʻyin egmagan. Turkistonning chegarasida joylashgani bois u muhim qalʼa sanalgan. Bu yerda hunarmandchilik rivojlangan, tanga zarb etilgan. Savdo karvonlari Vardonzeni moʻljal olib kelgan. Bozori gavjum boʻlgan. Bular toʻgʻrisida juda koʻp soʻz yuritish mumkin. Afsuski, tabiat injiqliklari, xususan, qum koʻchkilari, qurgʻoqchilik tufayli gullab-yashnab turgan goʻsha asrlar osha asta-sekin tanazzulga yuz tutgan.

— Qalʼa hududi 1979-yilda qoʻriqxonaga aylantirildi,- deya eslaydi uzoq yillar shu goʻshani asrab-avaylash bilan mashgʻul boʻlgan 86 yoshli otaxon Ashur Oripov. — Yon-atrof saksovulzoru yulgʻunzor edi. Turli oʻsimliklar shu qadar tigʻiz oʻsardiki, ular orasidan hatto mushuk oʻtolmasdi. Baʼzan oʻzim ham adashib qolardim. Tustovuq, quyon, tulki koʻp edi. Qushlarning ming bir turi uchrardi. Qish oʻta sovuq kelgan yillarda jonivorlar ochlikdan nobud boʻlmasin, deb beda va boshqa yeguliklar tashlab chiqqanimizni ham yaxshi eslayman.

— Bolaligim shu yerda oʻtgan, — deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi Mahmud Oripov. — Har qarichi menga tanish. Qishlogʻimga har safar kelganimda bu noyob qoʻrgʻonni asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga ziyon-zahmatsiz yetkazish kerak, degan fikr menga tinchlik bermaydi. Chunki bu juda noyob, kamyob qoʻrgʻondir.

Mahmud akaning aytganicha bor. Vardonze — noyob qoʻrgʻon. U Buxorodagi boshqa shunday madaniy meros obyektlaridan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Qoʻrgʻon atrofida qadimda dushmandan himoyalanish maqsadida suv havzasi barpo etilgan. Qalʼaga kirish uchun yashirin yer osti yoʻllari boʻlgan. Ular hozir ham saqlanib qolgan. Shu yoʻl yoki gʻorga kirib tepaga qarasangiz, ajdodlarimiz bundan uch ming yil muqaddam beton qorishmalar tayyorlash sir-asrorlarini bilishganiga amin boʻlasiz. Yodgorlikdan topilayotgan osori atiqalar ham ajdodlarimiz aql-zakovatidan darak beradi. Bir soʻz bilan aytganda, Vardonze yoshlarga ona — Vatan tarixidan saboq oʻtishda qiyosi yoʻq darsxona vazifasini bajarishi mumkin.

“Xalq so`zi ONLINE”. Qoʻrgʻon tepasiga chiqish qulay boʻlsin, deb hashar yoʻli bilan tiklangan zinapoya.

Viloyat madaniy meros boshqarmasidan olingan maʼlumotga koʻra, “Vardonze qoʻrgʻoni” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 846-sonli qarori bilan davlat muhofazasiga olingan. Hududi Shofirkon tumani hokimining 2015-yil 29-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan 76 gektardan iborat.

Lekin qoʻrgʻonda boʻlganimizda biror joyda ushbu madaniy meros obyektining davlat muhofazasiga olingani toʻgʻrisidagi yozuvni uchratmadik. Qalʼani asrab-avaylash, bu yerda maʼlum bir infratuzilma yaratish, turistlarni jalb qilish ishlari oʻlda-joʻlda. Vaholanki, qishloq keksalarining eslashlaricha, yaqin oʻtmishda bu maskan xorijiy sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan joy boʻlgan. “Tuya, ot, foytunlar bor edi, sayyohlar qadami uzilmasdi, — deydi Ashur ota. —Qoʻrgʻon tepasiga chiqish qulay boʻlsin, deb hashar yoʻli bilan 183 ta zinapoya ham qilganmiz”.

“Xalq so`zi ONLINE”. Qoʻrgʻon hududi olib borilgan tadqiqotlar vaqtida topilgan ashyolar.

Toʻgʻri, yodgorlikni ilmiy oʻrganish maqsadida bir necha yildan buyon belgilangan tartibda OʻzFA Milliy arxeologiya markazi hamda Italiyaning Rim universiteti hamkorligida xalqaro qoʻshma arxeologik ekspeditsiya olib borilmoqda. Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislarining taʼkidlashlaricha, birlamchi konservatsiya qilinyapti. Shuningdek, obyektni YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish maqsadida Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlar instituti (MITSAI) bilan hamkorlikda ilgʻor va yuqori texnologik uskunalardan foydalangan holda nomzodlik hujjatlari tayyorlanmoqda. Boshqarma mutaxassislarining fikricha, shu maqsad roʻyobga chiqsa, turizm infratuzilmasi yaxshilanadi, sayyohlar oqimi koʻpayadi.

“Xalq so`zi ONLINE”. Ashur ota Oripov aytishicha, bir paytlar qoʻrgʻon hududida ana shunday yirik saksovullar koʻp boʻlgan ekan..

Har qanday yaxshi niyat ham amalga oshgan taqdirdagina foydali boʻladi, albatta. Hozir esa qadimiy qoʻrgʻon qarovsizlikdan tashqi taʼsirlar (yogʻingarchilik, shamollar) oqibatida asta-sekin yemirilib boryapti. Qazishma paytida chiqqan gʻisht boʻlaklari, kulolchilik buyumlari parchalari pastda sochilib yotibdi. Uning bundan 70-75 yil avvalgi qiyofasi bilan hozirgisi oʻrtasida ancha tafovut bor. Bunga qishloq keksalari guvohlar. Binobarin, arxeologik qazishma ishlarida mahalliy ziyolilar, qariyalar fikr-mulohazalari inobatga olinsa foydadan xoli boʻlmasdi. Qolaversa, hududi 76 gektar boʻlgan qoʻrgʻonni koʻz qorachigʻidek asrash uchun mahalliy hokimlik biror ish qildimi, degan savol tugʻiladi. Xullas, bugun asosiy maqsad qoʻrgʻonni asrab-avaylash, uni kelgusi avlodga shu holicha yetkazish boʻlmogʻi kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?