Putin va Zelenskiy oʻrtasida birinchi uchrashuv Fransiyada boʻlib oʻtadi

16:04 27 Avgust 2019 Dunyo
186 0

Fransiyada “Normand muzokaralari” doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oʻrtasida birinchi uchrashuv oʻtkaziladi.

Sentyabrda davlat va hukumat rahbarlari darajasida “Normand uchrashuvi”ni oʻtkazish rejalashtirilyapti. Bu haqda Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron “Katta yettilik”(G7) sammiti yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deb yozadi Sputnik.

“Biz sentyabrda “normand” formatida davlat va hukumat rahbarlari darajasida uchrashuv oʻtkazmoqchimiz, biz buni bayonnomaga kiritmagan boʻlsak-da, u sammit yakunlari boʻyicha chop etiladigan hujjat matnida bor”, - dedi Makron.

“Normand toʻrtligi” – Ukraina sharqidagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha guruh. Ushbu formatga Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya kiradi.

Birinchi uchrashuv 2014-yil 6-iyunda oʻtkazildi. 2015-yil 11-12-fevral kunlari esa Minskda shu boʻyicha eng uzoq davom etgan uchrashuv tashkil etildi. Yigʻilish 17 soat davom etgandi.

Ukrainada Pyotr Poroshenko prezident boʻlgan vaqtda “normand toʻrtligi”ning faoliyati deyarli toʻxtab qolgandi.

Bundan avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “normand formati”da muzokara oʻtkazishni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga taklif qilgandi.

Ukraina yetakchisi bu muloqotga AQSH prezidenti Donald Tramp, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va oʻsha vaqtda Buyuk Britaniya bosh vaziri boʻlgan Tereza Meyni taklif etgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?