Prezidentning BMT minbaridan ilgari surilgan tashabbuslari Hindiston jamoatchiligiga taqdim etildi

14:31 22 Oktyabr 2020 Siyosat
232 0

Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganligining 75 yilligiga bagʻishlangan onlayn-seminar shaklida oʻtgan “BMT kuni”da ishtirok etdi. Tadbir Hindiston inson munosabatlari kengashi va Hindistonning BMT ishlari boʻyicha kengashi tomonidan tashkil etildi.

Unda yuqoridagi hind tadqiqot markazlari rahbarlari va xodimlari, ekspert va tahlil doiralari vakillari, Dehlida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Onlayn-seminar davomida Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqining mazmuni va unda bildirilgan tashabbuslarning mohiyati haqida batafsil gapirib berdi.

Xususan, elchi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish boʻyicha tashabbuslari, davom etayotgan inqiroz sharoitida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullanishi, mamlakatimizning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini va Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirigʻi xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotganini taʼkidladi.

Shuningdek, onlayn-seminarda ishtirok etganlarning eʼtibori Oʻzbekiston Prezidentining bir qator muhim mintaqaviy tashabbuslari, jumladan, BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish va BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazishga oid tashabbuslariga qaratildi. Ushbu takliflar hozirgi kunda Markaziy Osiyoda tub oʻzgarishlar roʻy berayotgani va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti yaratilganligi bilan bogʻliq ekanligi haqida xabar qilindi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishi va 2018-yil mart oyida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afgʻon muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich boʻlganligi alohida taʼkidlandi. Qoʻshni davlatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy eʼtibor markazida boʻlib qolishi zarurligini inobatga olib, davlatimiz rahbari asosiy vazifasi Afgʻonistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻladigan BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Diplomatik vakolatxonamiz rahbari BMTning kun tartibidagi yana bir muhim masala - ekologik muammolar, xususan Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari, Orolboʻyi hududi ekologik fojianing markaziga aylangani haqida gapirar ekan, tadbir qatnashchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish va ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifi haqida maʼlumot berdi. Shu bilan birga, elchi Oʻzbekistonning tashabbusi bilan ogʻir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʻlib xizmat qiladigan BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilganini eslatdi.

Bundan tashqari, jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zoʻravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar global muammolarni yana-da kuchaytirayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazishni tashabbusi haqida xabar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?