Prezident: “Joylardagi rahbarlar esa oʻzini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash oʻrniga osongina import qilishga oʻrgangan”

09:52 13 Avgust 2019 Siyosat
285 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-avgust kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgani haqida xabar bergandik. Unda Videoselektorda yana bir muhim soha – mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi atroflicha tahlil qilindi.

Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymat yaratish va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiyot barqarorligining muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda mahalliylashtirishni rivojlantirish, korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga zarur sharoit yaratilmoqda.

Lekin ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish boʻyicha ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgani tanqid qilindi.

– Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa oʻzini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash oʻrniga osongina import qilishga oʻrgangan, – dedi Prezidentimiz.

Yurtimizda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qoʻshilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?