Prezident tashrifidan soʻng. Namangan viloyati hokimi bajarilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida

11:42 05 Mart 2019 Siyosat
1128 0

Foto: "Xalq so'zi"

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga bu galgi safari, aytish mumkinki, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ravnaq topayotgan hudud taraqqiyotiga yanada joʻshqinlik bagʻishladi. Sababi mazkur tashrif davomida taqdimotlari boʻlgan loyihalarning har biri iqtisodiyotni yuksaltirish, hududlar obodligini taʼminlash orqali aholi turmush farovonligini yangi bosqichga koʻtarish, pirovardida xalqning roziligiga erishishdek olijanob maqsadga qaratilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo BOZOROV tashrif taassurotlari, yaqin vaqt ichida amalga oshiriladigan yirik loyihalarning hudud rivoji, ayniqsa, uning sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyati xususida “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari uchun eksklyuziv intervyu berdi.

— Xayrullo Hayitboyevich, mamlakatimizda taraqqiyotning yangi bosqichi Namangan va namanganliklar hayotiga ham oʻtgan qisqa vaqt ichida oʻzgacha mazmun olib kirdi. Ular qaysi jabhalarda koʻproq koʻzga tashlanadi? 

— Yangilanish davri manzaralarini koʻrmoqchi boʻlgan kishi, eng avvalo, shahar va qishloqlarimiz jamoli, iqtisodiyotimiz rivoji, Namangan ahlining kayfiyatiga boqmogʻining oʻzi kifoya. Erishilayotgan natijalar zamirida Yurtboshimizning har bir hudud xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, yangi korxonalar tashkil etish, ish oʻrinlari yaratish, bunyodkorlikning barcha yoʻnalishiga oid topshirigʻiga asosan amalga oshirilayotgan kompleks ishlar yotibdi. Odamlar oʻzlari uchun munosib turmush sharoiti yaratilayotganligini nafaqat viloyat yoki tuman markazi, balki chekka qishloqlardagi qulayliklar misolida ham chuqurroq his etishmoqda.

Masalan, Toʻraqoʻrgʻon tumani markazi hamma havas qiladigan maskanlardan biriga aylandi. Bu yerda maʼrifatparvar inson Isʼhoqxon Ibratning bundan bir yuz yigirma yil avval amalga oshirgan ezgu ishlarining eʼtirofi sifatida muhtasham Xotira majmuasi barpo etilganidan butun Oʻzbekiston ahli xabardor. Undagi koʻrkam bogʻ va xiyobon, tillar maktabi, boshqa qator inshootlar hudud qiyofasini butunlay oʻzgartirib yubordi. Tumandagi namunali loyiha asosidagi turarjoy binolaridan tarkib topgan mahallalar, 1000 gektardan ortiq maydonni egallagan intensiv bogʻlar, xalqaro andozalar talabiga moslab qayta qurilgan avtomobil yoʻllari, yangi maktabgacha taʼlim muassasalari koʻngillarga obodlik olib kiradi. Namangan tumani markazi boʻlgan Toshbuloq shaharchasi yoʻlning ikki tomonida qad rostlagan koʻp qavatli uylar, toʻla rekonstruksiya qilingan avtomobil yoʻli, maishiy xizmat va servis yoʻnalishidagi inshootlar bilan yanayam oʻzgacha chiroy ochdi. Chortoqni ekoshaharga aylantirishga kirishilganligi esa dilni yayratadigan ish boʻldi. Barcha tumanda jadal olib borilayotgan bu kabi bunyodkorliklar aholi turmush tarzi yuqori darajaga koʻtarilayotganidan bir nishonadir.

Shu oʻrinda farovon turmush asosi boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar koʻlami kun sayin kengayib borayotganini alohida taʼkidlashni istardim. Buning samaralari kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi tobora ortayotgani, ishlab chiqarish rivojiga keng yoʻl ochayotgan kichik sanoat zonalari faoliyati, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar, eksport salohiyatini yuksaltirish masalalarida yaqqol koʻrinadi.

Biz jahonga boʻylashyapmiz, kundalik hayotimiz, ish, oʻqish, dam olish sharoitlarimiz ham shunga yarasha boʻlmogʻi lozim. Namangan shahrining Gʻirvonsoy dahasida “Afsonalar vodiysi” deb nomlangan loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan madaniyat va istirohat majmuasi 116 gektar maydonda joylashgan boʻlib, uning tarkibidan ochiq va yopiq akvaparklar, 30 dan ziyod attraksionlar va Namangan uchun yangilik boʻlgan boshqa koʻngilochar inshootlar oʻrin oladi.

Qisqacha aytganda, barcha soha rivojiga yangicha nigoh bilan qaralmoqda, ezgu niyatlar tezroq ijobatini topishi uchun hamma birdek jon kuydiryapti.

— Yaqin tarixga nazar solsak, Namangan faqatgina milliy hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi yoki toʻqimachilik sohasi bilangina shugʻullangan hudud sifatida yodga olinadi. Goʻyoki bu yerda ilgʻor texnologiyaga asoslangan zamonaviy va murakkab ishlab chiqarishni tashkil etishning imkoni boʻlmagandek...

— Endilikda bunday qarashlar ortda qoldi. Maqsadli dasturlardan oʻrin olayotgan loyihalarning aksariyatida jahon bozorida talab yuqori boʻlgan mahsulot ishlab chiqarish ustuvor vazifa qilib qoʻyilmoqda. Masalan, bundan besh-olti yil avval “Namanganda Janubiy Koreyaning dunyoga mashhur “Hyundai” kompaniyasi oʻz zavodini quradi,” deyilsa, kim ishonardi? Yoki Chustda agrar sohadagi innovatsiya — aeroponika usulida dehqonchilik qilishlarini kim oʻylabdi, deysiz. Prezidentimizning Namanganga tashrifidan bir kun avval Norinda velosiped ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Norin Moto Bike” korxonasi ishga tushirildi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan boʻlib, uning doirasida mamlakatga 200 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinishi koʻzda tutilgan. Kelgusida faoliyati kengaytirilib, mototsikl, tritsikl, skuter va moped ishlab chiqarish ham oʻzlashtirilishi koʻzda tutilmoqda.

Biz istiqbolli loyihalarni tayyorlashda koʻproq mehnat joylari yaratish, mahalliy xom ashyo va butlovchi materiallardan foydalanish, mahsulotning asosiy qismini tashqi bozorga chiqarish masalasiga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Namangan shahridagi “Art Soft Tex Group” korxonasi ana shunday loyihalardan biri. Bu yerda turli bichim va rangdagi sochiqlar, xalat, choyshab va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Oʻtgan yili 290 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 9,4 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmi yanada ortadi. Bugun bosh korxona va filiallarda 2 mingdan ziyod kishilar mehnat qilayotir. Yaqinda tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish majmuasi foydalanishga topshirilishi bilan yana mingga yaqin ish oʻrinlari yaratildi. “Art Soft Tex Group” faoliyatini kengaytirib, klaster usulida ishlashga oʻtmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonaning kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Uning tarkibida paxta tozalash, urugʻlik yetishtirish, don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, issiqxona tashkil etilishi, chorva boqish, yem ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishini maʼqulladi.

Tashrifda taqdim etilgan yirik loyiha — Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi bugun hal qiluvchi bosqichga kirgan. 900 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur stansiya Fargʻona vodiysida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni toʻliq qondirish, aholi va sanoat korxonalarini uzluksiz quvvat bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Bu yerda hozirgacha loyiha doirasidagi ishlarning 83 foizi bajarildi. Ayni paytda obyektda 2400 dan ortiq mahalliy va xorijiy ishchi-xizmatchilar mehnat qilyapti. Qurilish tashkilotchilari Prezidentimizga stansiya ishga tushadigan muddatni rejadagidan ancha yaqinlashtirishga vaʼda berishdi. Chunonchi IESning birinchi bugʻ-gaz qurilmasi joriy yilning dekabrida emas, sentyabrida harakatga keltiriladi. Ikkinchisi yangi yil arafasida foydalanishga topshiriladi.

— Viloyatda yanada qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani tufayli investitsiyalar oqimi ortmoqda. Eng muhimi, Namanganda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagidagi xorijiy sarmoyadorlar safi kengayib boryapti. Natijada chet ellik hamkorlar bilan qoʻshma korxonalar tashkil etilishi barobarida, hududga ilgʻor texnologiyalar olib kelinib, yangidan-yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilyapti.

— Darhaqiqat, shunday. Bu borada birgina joriy yilning fevrali Namanganda tashqi investitsiyalarni jalb qilish oyi sifatida oʻtdi, deyish mumkin.

Gap shundaki, Oʻzbekistonning xorijda faoliyat koʻrsatayotgan 17 elchisi tadbirkor hamda ishbilarmon doiralari bilan birgalikda oʻn kundan koʻproq vaqt davomida viloyatimiz shahar va tumanlarida biznes hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida ish olib borishdi. Koʻplab shartnomalar, anglashuv memorandumlari imzolandi. Taklif etilayotgan loyihalarning aksariyati dolzarbligi bilan eʼtiborni tortadi. Misol uchun, Xitoyning “Zhongue Wanda” kompaniyasi Namanganda “aqlli ekoshahar” qurish uchun tayyorligini bildirdi. Xorijiy hamkor buning uchun 70 million AQSH dollariga teng sarmoya kiritishni moʻljallagan. Loyihadan zamonaviy mehmonxona majmuasi va boshqa sayyohlik inshootlari oʻrin olgan boʻlib, ular hududning turistik imkoniyatlarini oshiradi. Rossiya Federatsiyasining Smolensk shahridan kelgan trikotaj fabrikasi direktori Nina Nikonova Namanganda turdosh korxona barpo etish taklifini aytdi. 1,6 million AQSH dollari evaziga tashkil qilinadigan korxonada 300 kishi uchun doimiy ish joyi yaratiladi va yiliga 12 million juft paypoq hamda 1 million dona trikotaj buyum tayyorlanadigan quvvatlar ishga tushiriladi.

Umuman olganda, elchilar ishtirokidagi tadbirlar davomida qariyb 680 million AQSH dollarilik 43 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Ular yaqin vaqt ichida hayotga tatbiq etila boshlanadi.

Aytish joizki, viloyatimizga kiritilayotgan xorijiy sarmoyalar hajmi muttasil ravishda oshmoqda. Jumladan, 2018 yilning oʻzida 343 million AQSH dollari miqdorida chet el investitsiyasi va kreditlari jalb etildi. Uning 54,6 million dollardan ortigʻi toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyalarini tashkil etadi. Bu mablagʻlar hisobiga yangi korxonalar bunyod etish, ilgʻor texnologik liniyalar sotib olish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

— Taraqqiyot omillari haqida gap borar ekan, keyingi paytda klasterga takror va takror urgʻu berilayotgani bejiz emas. Amalda bu usul ijtimoiy-iqtisodiy sohada intensiv texnologiyalarni joriy etishning samarali yoʻliga aylandi. Mazkur yangilikning viloyatdagi istiqboli haqida nima deysiz?

— Klaster, haqiqatan ham, natijador tizim sifatida turli jabhalarda oʻz isbotini topmoqda. Masalan, uning paxtachilikda qoʻllanilishi fermerdan tortib, qayta ishlovchi va toʻqimachilar kuchini birlashtirish imkonini yuzaga keltirdi. Bu pirovard natijadan barcha birdek manfaatdor, deganidir. Bultur Uchqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan “Textile Finance Namangan“ korxonasi 9836 gektar maydonda paxta yetishtirish uchun barcha agrotexnika tadbirini toʻla moliyalashtirdi. Yuqori sifatli hosildan olingan daromad miqdori ortdi. Endilikda yangilik boshqa tumanlarga ham koʻchmoqda.

Ahamiyatlisi, bugungi kunga kelib, ishlab chiqarishning boshqa jabhasida bosqichma-bosqich klaster usuli qoʻllanilyapti. Namangan tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashtirilgan “Golden egg of Namangan” masʼuliyati cheklangan jamiyati tajribasi bunga misol boʻla oladi. Oʻtgan yili bu yerda 107 million dona tuxum yetishtirildi. Klasterga oʻtilishi bilan joʻjalarni parvarishlash, goʻsht ishlab chiqarish, boshqa yoʻnalishlarda oʻsish surʼati kuzatila boshlandi.

Yaqin vaqt orasida Namanganda mamlakatda birinchilar qatorida tibbiyot klasteri ham ish boshlaydi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tashabbusi bilan tayyorlanmoqda. Janubiy Koreyaning “Gold Dream Foundation” jamgʻarmasi hamkorligidagi loyiha asosida barpo etiladigan mazkur klaster tarkibiga zamonaviy klinika, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash markazi, yirik farmatsevtika korxonalari kiradi. Yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Mahalliy shifokorlar, shuningdek, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari Janubiy Koreyada stajirovkadan oʻtadilar. Loyiha ijrosi Namangan tibbiyot klasteri xizmatidan foydalanishda butun Fargʻona vodiysi viloyatlari aholisi uchun keng yoʻl ochadi.

— Maʼlumki, dunyoning koʻplab mamlakatlarida turizm iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Oʻzbekistonda ham sayyohlik industriyasi taraqqiyot drayveriga aylanmoqda. Ayting-chi, Namanganning ayni sohadagi salohiyatidan unumli foydalanish uchun qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

— Koʻplab noyob va tarixiy yodgorliklarga ega viloyatimizning turistik imkoniyatlari boshqa hududlardagidan kam emas. Kosonsoydagi Mugʻ qalʼasi, Namangan shahridagi Xoʻja Amin maqbarasi, Mulla Qirgʻiz madrasasi, Popdagi Munchoqtepa yodgorligi... Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Eʼtiborli jihati, ajdodlarimiz yaratgan shu singari diqqatga sazovor joylarning aksariyati ikkinchi umrini yashay boshladi.

Sirdaryoning Toʻraqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtgan qismi yoqalarida joylashgan qadimiy Axsikent shahrining uzoq tarix va bugungi kunda oʻz oʻrni bor. Uning osori atiqalari nafaqat yurtimizdagi, balki xorij ilmiy jamoatchiligi eʼtiborini ham tortmoqda. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi, uning doirasida tashkil etilgan “Axsikent” yodgorligini muhofaza qilish va oʻrganish direksiyasi qizgʻin faoliyat koʻrsatmoqda. Qadimiy shahar sirlarini chuqur oʻrganish maqsadida uning xarobalarini kavlash ishlari hajmi kengaytirilmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt oraligʻida ilgari Buyuk Ipak yoʻli markazlaridan biri boʻlgan Axsikent haqida qator ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Oldinda turgan muhim vazifalardan yana biri sifatida bu joyda ochiq osmon ostidagi muzey tashkil qilish koʻzda tutilganini aytish joiz. Davlatimiz rahbari Axsikent bilan tanishish jarayonida uni yirik turistik majmuaga aylantirish, bu yerda har ikki yilda tarixiy festival oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdilar. Bundan viloyat ahli behad mamnun.

Birgina bu emas. Viloyatimizda sohaning boshqa yoʻnalishlari — ekologik, tibbiy va ziyorat turizmlarini rivojlantirish imkoniyatlari ham katta. Men bu oʻrinda Chortoq, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy tumanlaridagi sihatgohlar, tabiat qoʻynidagi soʻlim dam olish maskanlarini nazarda tutyapman. Gap ular faoliyatini takomillashtirish, xizmat sifatini xalqaro andozalar darajasiga koʻtarishda. Shundan kelib chiqib, sayyohlik infratuzilmasi — logistika, mehmonxonalar majmuasini yaratish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni ishlab chiqyapmiz.

 

— Prezidentimizning har bir tashrifi hududlardagi haqiqiy ahvolga baho beradigan indikator sifatida xizmat qiladi. Ayni jarayonda yaqin istiqboldagi rejalarning ustuvor jihatlari ham belgilab olinadi. Xoʻsh, viloyat hokimligi, tegishli idoralar, butun Namangan ahli eng muhim vazifalar ijrosiga qay tartibda kirishmoqda?

— Eng avvalo, tashrif doirasida viloyatni kompleks rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan dasturdan umumiy qiymati 2,8 trillion soʻmlik 1400 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar oʻrin olgani zimmamizdagi vazifalar koʻlami qanchalik katta ekanligini koʻrsatib turibdi. Tadbirkorlarning novatorlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, yangi korxonalar tashkil etish, zamonaviy infratuzilma inshootlari, ijtimoiy obyektlar, turarjoylar qurilishiga yoʻnaltiriladigan bu mablagʻning har bir soʻmi oʻz vaqtida, oʻz joyiga sarf qilingandagina kutilgan natijani beradi.

Yana bir muhim jihat. Prezident faollar yigʻilishida kamchiliklarimizga ham haqqoniy baho berdi. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishning oʻsish surʼati respublika darajasidan orqada qolayotgani, qishloq xoʻjaligi sohasidagi sustkashlik tanqid ostiga olindi. Biz tashrif yakunlangan kunning oʻzida yigʻilish oʻtkazib, mutasaddilar bilan atroflicha gaplashdik. Xalqimiz ham tashrif jarayonlari xususida televideniye, ommaviy axborot vositalari orqali yetarlicha maʼlumot olgani tabiiy. Endi gap amaliy harakatlarda. Zero, qogʻozdagi loyihalar hayotga koʻchgandagina odamlar natijalardan bahramand boʻladilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV va Nurbek ABDULLAYEV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?