Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi ustuvor tamoyillar BMT rasmiy hujjati sifatida tarqatildi

17:30 25 Mart 2020 Siyosat
170 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining ustuvor tamoyillari BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining “Oʻzbekiston hukumati tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” deb nomlangan rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Hujjat BMTning barcha rasmiy (rus, ingliz, arab, xitoy, fransuz va ispan) tillariga tarjima qilinib, tashkilotga aʼzo davlatlarga tarqatildi va BMTning rasmiy hujjatlari tizimiga joylashtirildi.

Hujjatda mamlakatning iqtisodiy oʻsishi va ijtimoiy rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari, aholi farovonligini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha olib borilayotgan tub islohotlar aks ettirilgan. Xususan, unda qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish, institutsional salohiyatni oshirish va kuchli demokratik ­institutlarni shakllantirish davlat siyosatining 2020-yildagi ustuvor yoʻnalishlari boʻlib qolishi taʼkidlangan.

Hujjatda Oʻzbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga alohida eʼtibor berayotgani qayd etilgan. Nukus, Urganch va Xiva ­shaharlari atrofida “yashil belbogʻ” — himoya daraxtzorlari yaratish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, dengizning qurib qolgan tubida oʻrmonzorlar barpo qilishni kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar davom ettirilishi aytilgan. Shu oʻrinda Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil qilingan BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavf­sizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik ­asosida trast fondi ­faoliyati va hukumatning tashkilot doirasidagi ishlarni faollashtirishga yoʻnaltirilgan amaliy qadamlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlish va Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani tashkilot doirasida ilgari surish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan izchil choralar alohida qayd etilgan.

Murojaatnoma ustuvor tamoyillarining BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida eʼlon qilinishi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan olib bori­layotgan keng koʻlamli islohotlarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi va qoʻllab-quvvatlanishiga yaqqol dalildir.
“Dunyo” AA.
Nyu-York


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?