Prezident Farmoni: Toʻqimachilik korxonalari uchun 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi

22:56 05 May 2020 Hujjatlar
337 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni karantin sharoitini yana-da yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi aytib oʻtildi.

Hujjatga koʻra:

- toʻqimachilik korxonalari va klasterlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga oʻtiladi;

- 1-aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy toʻlov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;

- toʻqimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻliq qaytariladi;

- soha uchun muhim boʻlgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin koʻpaytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik toʻqimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish koʻzda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?