Prezident maktablari boshqa maktablar uchun andoza boʻlishi, taʼlim muhitini oʻzgartirishi kerak

17:31 21 Avgust 2019 Jamiyat
700 0

Bu haqda davlatimiz rahbari Nukus shahrida qurilayotgan Prezident maktabi bilan tanishish chogʻida aytib oʻtdi. 

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktablari tashkil etish tashabbusini oʻtgan yili aynan Nukusda eʼlon qilgan, buni Qoraqalpogʻistondan boshlashni taklif etgan edi.

Joriy yil 20-fevralda shu boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi.

Nukus shahrida ham ushbu maktab qurilishi jadal olib borilmoqda. Kembrij universiteti bilan hamkorlikdagi Imtihon kengashi tomonidan oʻtkazilgan qabul jarayonlarida eng bilimga chanqoq bolalar tanlab olindi.

Shavkat Mirziyoyev maktabning binosi ham, maʼrifati ham mukammal boʻlishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitutsiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini taʼkidladi. Ungacha oʻquvchilar boshqa binoda oʻqib turadi.

Maktabda darslar xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va “STEAM” dasturi asosida ingliz tilida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilgʻor taʼlim metodologiyalari asosida chuqur oʻrgatiladi.

Davlatimiz rahbari mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqdi.

- Bu maktablarning oʻqituvchisi ham, oʻquvchisi ham eng namunali boʻlishi lozim, - dedi Prezident. - Chuqur bilim bilan birga maʼnaviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bogʻcha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, taʼlim muhiti oʻzgaradi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?