Prezident Farmoni: Adliya organlari va muassasalari faoliyati tubdan takomillashtiriladi

23:06 13 Aprel 2018 Hujjatlar
404 0

Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, birinchi navbatda, yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish yo‘li bilan amalga oshirishni ko‘zlovchi adliya organlari va muassasalariga muhim rol ajratilmoqda. 

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida, ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy ta’minlash, ularning yuridik xizmatlarini muvofiqlashtirish, huquqiy axborotni tarqatish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash masalalari bo‘yicha adliya organlari va muassasalarining roli va mas’uliyatini oshirish imkonini berdi. 

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, adliya organlari va muassasalari faoliyatida huquqiy islohotlarning yuqori samaradorlik darajasiga erishishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Xususan: 

birinchidan, adliya organlarining tuman (shahar) tuzilmalarining mavjud emasligi bevosita joylardagi huquqiy muammolar, fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bog‘liq holda ta’minlanish darajasining chuqur o‘rganilishiga, jamiyatdagi aniq huquqiy holatdan kelib chiqib manzilli huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda; 

ikkinchidan, huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni ishlab chiqish, huquqiy normalarning o‘zboshimchalik bilan va noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan joylarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga huquqiy maslahatlar berish bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yilmagan; 

uchinchidan, adliya organlariga faoliyat yo‘nalishiga muvofiq bo‘lmagan va bir-birini takrorlovchi, ayniqsa, shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish sohasidagi vazifalarning yuklatilganligi davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish sohasida ularga yuklatilgan birinchi darajadagi vazifalarni bajarish uchun mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish imkonini bermayapti; 

to‘rtinchidan, amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha joylarda adliya organlarining ishi lozim darajada tashkillashtirilmagan, buning natijasida esa aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyati, ayniqsa, qishloq joylarda qoniqarsiz darajada qolmoqda; 

beshinchidan, yurisprudensiya sohasida, avvalo, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib ifoda etadigan mutaxassislarning keskin yetishmasligi saqlanib qolmoqda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida talab yuqori bo‘lgan tor doiradagi va sohaviy mutaxassisliklar bo‘yicha yuridik kadrlar tayyorlash tizimi mavjud emas; 

oltinchidan, adliya organlari va muassasalari xodimlarini ijtimoiy va moddiy rag‘batlantirishning past darajada ekanligi mazkur sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirish imkonini bermayapti hamda xodimlarning tashabbuskorligi va mas’uliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda; 

yettinchidan, adliya organlari va muassasalari faoliyatiga yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ularni zamonaviy vositalar va uskunalar bilan jihozlash qoniqarsiz holatda qolmoqda. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida: 

1. Adliya organlari va muassasalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari deb quyidagilar: 

birinchi, adliya organlarini “Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir” degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydigan professional xizmatga aylantirish; 

ikkinchi, adliya organlari faoliyatiga, ustuvor ravishda, tanqidiy tahlil va huquqiy muammolarni, avvalo, bevosita joylarda ishlarni samarali tashkil etish yo‘li bilan hal etishga asoslangan, sifat jihatidan yangi mexanizmlarni joriy etish; 

uchinchi, davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish sohasidagi faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish, tanqidiy tahlil asosida izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

to‘rtinchi, huquqiy targ‘ibot va fuqarolarning huquqiy ongini oshirishning zamonaviy va ta’sirchan uslublarini joriy qilish, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, aholining huquqiy savodsizligiga barham berish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

beshinchi, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini, ma’muriy tartib-taomillar va davlat xizmatlarining sifatini kompleks va tanqidiy tahlil qilishda adliya organlarining rolini oshirish, bu sohalarda qonunchilikni yanada takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

oltinchi, o‘z faoliyatlari yuzasidan jamoatchilikka tizimli ravishda ma’lumotlar taqdim etish yo‘li bilan adliya organlari mansabdor shaxslarining hisobot berish tartibini joriy etish, ularning aholini tashvishga soluvchi muammolarga yuzaki munosabatda bo‘lishi holatlariga chek qo‘yish, shuningdek, ularning faoliyatini baholashning aniq mezonlarini belgilash; 

yettinchi, yuridik kadrlarni, ayniqsa, talab qilinayotgan tor doiradagi va sohaviy mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish, yurisprudensiya sohasidagi mutaxassislarni o‘qitishning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish, yuridik kadrlarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga tizimli ravishda yuborish; 

sakkizinchi, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilishning samarali tizimini, xalqaro jamoatchilik va xorijiy investorlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida xabardor qilish mexanizmlarini tashkil etish; 

to‘qqizinchi, adliya organlari va muassasalari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash, xodimlarni ijtimoiy va moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini, shu jumladan ularni xizmat uylari bilan ta’minlashni joriy etish; 

o‘ninchi, adliya organlari va muassasalarining barcha tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisoblansin. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan, “respublika – viloyat – tuman (shahar)” uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etilsin. 

Belgilansinki, kasb-hunar kollejlarining tugatilayotgan yuridik xizmatlari funksiyalari tegishli tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. 

3. Tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar: 

hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;

davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish; 

qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, “respublika – viloyat – tuman – mahalla” prinsipi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish; 

huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, uning barqarorligi va bir xilligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish; 

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish; 

davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish, shuningdek, ularning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va metodik ta’minlash belgilansin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tugatilsin. 

5. 2018 yil 1 iyuldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi o‘rinlarda FHDYo deb yuritiladi) organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga o‘tkazilsin. 

6. Shunday tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra 2018 yildan boshlab: 

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyoti holati to‘g‘risida har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etadi; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri, hududiy adliya boshqarmalari boshliqlari har yarim yil yakuni bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga joylarda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati bo‘yicha axborot taqdim etadi; 

tuman (shahar) adliya bo‘limlari boshliqlari har chorakda tegishlicha tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati bo‘yicha axborot taqdim etadi. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xalqaro arbitrajlar va sud ishlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga: 

davlat organlari va tashkilotlariga, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga belgilangan tartibda xalqaro arbitrajlar va sud ishlari masalalari bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan topshiriqlar yuborish; 

adliya organlari va muassasalari, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatish sohasida, shu jumladan xalqaro arbitrajlar va sud ishlari bo‘yicha o‘qish va malakalarini oshirish uchun rivojlangan davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlariga yuborish huquqi berilsin. 

8. Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqiy tadqiqotlar markazi negizida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan, boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 25 nafar bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilsin. 

Quyidagilar Huquqiy siyosat tadqiqot institutining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

qonunchilikni va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ilmiy konsepsiyalar ishlab chiqish; 

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishning innovatsion uslublari hamda usullarini ishlab chiqish; 

sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlari qo‘llanilish amaliyotini tahlil qilish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning huquqiy muammolarini o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash; 

yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi: 

bir haftalik muddatda O‘zbekiston Republikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Republikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin; 

bir oylik muddatda O‘zbekiston Republikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin; 

ikki oylik muddatda tuman (shahar) hokimliklarining fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin; 

ikki oylik muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R. R. Inoyatov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. K. Davletov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                SH. MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 13 aprel 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?