Prezident: “Chegarani yopib qoʻyaverib, qashshoq boʻlib yuraverdik. Tanamizda qonimiz qolmadi”.

17:58 13 Avgust 2019 Siyosat
4443 0

12-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish, ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Selektor davomida prezident hokim boʻlgan vaqtlarini esladi.

“Bizda 20 yil eksport yoʻq edi. Faqat gaz bilan paxta bor edi. Hozir biz yangi bosqichga koʻtarilyapmiz. Biz raqobatga tayyor boʻlishimiz kerak. Chegarani yopib qoʻyaverib, qashshoq boʻlib yuraverdik. Tanamizda qonimiz qolmadi. Biz eksportni rivojlantirishimiz kerak.

Eksportni kichik-kichik korxonalardan boshlash kerak. Oʻsha kichiklar yigʻilib katta boʻladi. Masalan koʻkatni 12 oy sotish mumkin (Qashqadaryo hokimi Zafar Roʻziyev rossiyalik investorlar koʻkat eksport qilmoqchi ekanligi haqida gapirdi). Yerni undan unumli foydalanmoqchi boʻlayotganlarga berish kerak.

Mana, sizlarga mahalliylashtirish boʻyicha ham yordamchi beryapmiz, pul beryapmiz. Men ham hokim boʻlganman, bizda bir soʻm ham pul boʻlmasdi”, - deb prezidentning soʻzlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2003-yil bosh vazir boʻlishidan avval ikki yil Samarqand viloyat hokimi boʻlib ishlagan. Mirziyoyev Samarqanddan oldin Jizzax viloyati va Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlarida ham hokim boʻlib ishlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?