Popda parashyut sporti seksiyasi ochildi

14:45 05 Iyul 2019 Sport
394 0

Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi Pop tumani oʻquv-sport texnika klubi qoshida viloyatdagi ilk parashyut sport seksiyasi ish boshladi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi Ahmadjon Aʼloxoʻjayev Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatning chekka hududida tashkil etilgan mazkur sport seksiyasi fuqarolarning mazkur sport turiga qiziqishini shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirda harbiylar tomonidan parashyutda sakrash boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tashkil etildi. Namanganlik yosh konstruktorlar tomonidan tayyorlangan raketa modellari taqdimoti oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun, parashyut sporti bilan shugʻullanish imkoni beruvchi viloyatdagi ilk sport seksiyasi parashyut tizimlari, zarur anjom va trenajerlar, shuningdek, oʻquv-metodik va koʻrgazmali qurollar bilan toʻla jihozlangan. Bu yerda 17 metrlik parashyutdan sakrash minorasi ham barpo etildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?