Polvonlarimiz sport kurashlari boʻyicha Osiyo chempionatida 10 ta medalni qoʻlga kiritishdi

12:27 29 Aprel 2019 Sport
277 0

Xitoyning Sian shahrida sport kurashlari boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionati oʻz yakuniga yetdi. Unda oʻzbekistonlik sportchilar ham muvaffaqtiyatli ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu chempionatdagi dastlabki medalni 23-aprel kuni erkin kurash boʻyicha bahslarda 57 kg vaznda ishtirok etgan kurashchimiz Mahmud Shavkatov taqdim etdi.

Chorak finalda moʻgʻulistonlik Nasanbuyan Narmandaxni magʻlub etgan vakilimiz, yarim finalda eronlik polvonga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Uchinchi oʻrin uchun kechgan bahslarda esa tojikistonlik Hikmatullo Vohidov ustidan 4:0 hisobida gʻalaba qozongan kurashchimiz bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Navbatdagi bronza medallariga ayollar kurashi boʻyicha 26 aprel kuni oʻtkazilgan bahslarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan qizlarimiz Aktenge Keunimjayeva (-53 kg), Nabira Esenbayeva (-62 kg) va Nilufar Gadoyeva (-72 kg) sazovor boʻlishdi.

Chempionatning soʻngi kunlarida yunon-rum kurashi boʻyicha bahslar oʻtkazildi. Dastlab, -55 kg vaznda gilamga chiqqan Nankin oʻsmirlar Olimpiadasi chempioni Ilhom Bahromov eronlik va qirgʻizistonlik polvonlarni magʻlub etdi. Finalda esa yaponiyalik Xiromi Katagaridan ustun kelgan Ilhom Osiyo chempioniga aylandi.

Shu kuni 63 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni boʻlgan yurtdoshimiz Elmurat Tasmuradov, chorak finalda qirgʻizistonlik Amutov.U va yarim finalda Jung.Jni magʻlub etdi. Biroq, finalda jarohat olgan Tasmuradov finalda xitoylik Erbatu Tuoga imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Yana bir yurtdoshimiz Rustam Assakalov (87 kg) chorak finalda turkmanistonlik Ovelekov.Sdan ustun kelgan boʻlsa, yarim finalda eronlik Nouri.Nga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Uchinchi oʻrin uchun bahslarda Rustam yaponiyalik Masato Sumini magʻlub etdi.

Shuningdek, -130 kg vazn toifasidagi polvonimiz Moʻminjon Abdullayev ham kumush medal sohibi boʻldi. U finalda eronlik Qasemimonjega 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Jamoamizning ikkinchi oltin medalini -60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Islom Bahromov qoʻlga kiritdi. Chorak finalda Xitoy Taypeyi va yarim finalda Hindiston vakilidan ustun kelgan Islom finalda Shimoliy Koreyalik Ri.Sni magʻlub etdi.

Shuningdek, yana bir yunon-rum kurashchimiz Jahongir Turdiyev (-97 kg) kumush sohibi boʻldi. Finalga qadar koreyalik va xitoylik polvonlardan ustun kelgan Jahongir hal qiluvchi bellashuvda qirgʻizistonlik Uzur Juzupbekovga imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston vakillari sport kurashlari boʻyicha Osiyo chempionatida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronzani qoʻlga kiritishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?