Poklik va toʻgʻrilik bosh shiorimiz boʻlsin!

10:15 08 Noyabr 2019 Jamiyat
330 0

Dunyo adabiyotining koʻzga koʻringan vakillaridan biri Viktor Gyugo: “Buyuklikka eng yaqini halollikdir”,– deb yozgan edi. Darhaqiqat, insonni bezab turadigan fazilatlar juda koʻp, ammo ular ichida poklik va toʻgʻrilikka yetadigan noyob boylik yoʻq. Ayniqsa, bugungi tub islohotlar zamonida Vatanga sadoqat, xalqqa mehr-muhabbat, vatanparvarlik, millatparvarlik gʻoyalarining asosiy mezoni halollikdan iborat boʻlmogʻi lozim.

Bu borada oʻtmish bobokalonlarimiz bizga ibrat namunalarini koʻrsatib ketishgan.“Bilim, maʼrifat, albatta, yaxshi axloq bilan bezatilmogʻi lozim”, – deb aytadi Abu Nasr Farobiy.Axloqning tag zaminida esa, eng avvalo, toʻgʻrilik yotadi. Toʻgʻrilik degani oʻz manfaatlarini oʻylab, nafsiga qul boʻlmasdan koʻpchilikni oʻylash, xalq uchun, el uchun qoʻlidan kelgan yaxshiliklarni qilish ,fidoyilik demakdir. “Toʻgʻri boʻlsang, oʻsib borib gul boʻlasan, egri boʻlsang, oxir borib, kul boʻlasan”,– deydi dono xalqimiz. Har qanday yomonlikning, yovuzlikning, egrilikning ildizi bitta – jaholat. Ilm esa jaholatni hamisha qoralaydi. Jaholatning tilimizda koʻrinishlari juda koʻp: oʻgʻrilik, qotillik, gʻiybatchilik, chaqimchilik va hokazo. Bu illatlar bir kishi misolida sodir boʻlishi mumkin, ammo ular ichida hammasidan oʻtib tushadigani, asorati faqat shu ishni qilgan insonga emas, atrofdagilarga, butun bir avlodga tatiydigani, jamiyatni chirishga, parokandalikka olib boradigani borki, u poraxoʻrlik, tamagirlik deb ataladi.

Zamonaviy til bilan ataganimizda – korrupsiya.Korrupsiya – jamiyat kushandasi. Boylik uchun, mol-davlat, nafs uchun poraxoʻr har qanday qonunlarni chetlab oʻtishga tayyor turadi. U faqat oʻzini oʻylaydi, boshqalar bilan hisoblashmaydi. Mantiqan olib qaraganimizda, korrupsiyani sodir etgan kimsa, jamiyat qonunlariga, davlat siyosatiga qarshi borgan nobakor sanaladi. Bunday kayfiyatdagi odamlarga bizning oramizda oʻrin yoʻq. Ayniqsa, taʼlim-tarbiya tizimida faoliyat olib borayotgan muallimlar ichida poraxoʻrlikning sodir etilishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Axir, boshqalarni ortidan yetaklaydigan, millat kelajagi uchun masʼul boʻlgan shaxslarning bunday illatga duchor boʻlishi juda ogʻir holat. Dehqon endi unib chiqayotgan ekinlarini payhon qiladimi, bogʻbonni holini undirmasdan turib sugʻurib oladimi?! Axir, oʻqituvchilar shunday niyatda boʻlsalar, avlodlar davomiyligi qayerga ketadi?! Hayotning mazmuni nimadan iborat boʻlib qoladi?!

Agar kelajakni, kelgusi avlodlarimizni, jon Oʻzbekistonimizning yanada gullab-yashnashini oʻylasak, chirmovuq kabi jamiyatni oʻrab olishga shay turgan korrupsiyani oramizdan yulib tashlamogʻimiz lozim. Toki bolalarimizning koʻzlariga tik boqaylik. Ular tafakkuri baland, koʻzlari tiyran, qalblari yaratish ishlari bilan limmo-lim toʻlgan barkamol avlod boʻlib yetishsin. Shundagina biz oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarimizni, soʻzsiz, egallaymiz. Poklik va toʻgʻrilik bosh shiorimiz boʻlsin!

Shuhrat Sirojiddinov

Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat oʻzbek tili va
adabiyoti universiteti rektori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?